Bilimli, faol yoshlar yangi g‘oyalar, ixtirolar hamda innovatsiyalar bilan fan va texnologiyani rivojlantiradi. Ular o‘z bilimi orqali jamiyatdagi mavjud muammolar yechimida ishtirok etadi, ijobiy ko‘rsatkichlarni namoyon qiladi.
Mohinur Oxnorova 19 yoshda. U Adju universiteti talabasi. Bir qiz ta’lim olsa, bir millat yuksaladi, deyishadi. Mohinur yosh bo‘lsada, texnologiya va innovatsiyaga bo‘lgan ishtiyoqi sababli universitetga kiruvchilar uchun yordamchi platforma bo‘lgan unione.uz sayti dasturchisi sifatida yirik “Ctrl Code” kompaniyasida ishlashga muvaffaq bo‘ldi. IT EDUCATION Assotsiatsiyasi homiyligida o‘tkazilgan tanlovda 3 ming nafarga yaqin ishtirokchilar orasidan eng yaxshi 400 talikka kirib, “Coursera” stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

IT sohasiga oid bilimlari sababli 15 yoshidan boshlab katta xalqaro tanlovlarda ishtirok eta boshladi.
– Hayotdagi yaqin ko‘makchilarim bu mening ota-onam, – deydi Mohinur. – Har bir farzand uchun ota-onasining qo‘llovi katta kuch beradi. Seni kimdir tushunishi rivojlanishingga sabab bo‘ladi, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Men mehrli muhitda ulg‘aydim. Ular menga qiyinchiliklardan qo‘rqmaslikni, maqsadni katta qo‘yishni o‘rgatishdi. Har bir bola uchun shunchaki dunyoga kelib, katta bo‘lish kifoya emas. U haqiqiy ma’noda shakllanishi, muvaffaqiyatli va baxtli inson bo‘lib voyaga yetishi lozim.
O‘quvchilik davrimdan boshlab veb-dasturlashni o‘rgana boshladim. 2022 yilda “ICT4Girls Digital Camp”da ishtirok etib, mobil ilovalar yaratish bo‘yicha muhim ko‘nikmalarga ega bo‘ldim. Keyingi yili esa “AI4Girls” dasturida qatnashib, “PictoBlox” platformasi orqali zararli materiallar mavjudligini aniqlash va bu haqda ma’lumot beruvchi sun’iy intellektga asoslangan yechim ishlab chiqdim. Ushbu loyiha menga atrof-muhit muammolari va ularni texnologiya orqali hal qilish imkoniyatlari haqida chuqurroq o‘ylashga turtki bo‘ldi hamda o‘z startapim ustida ishlashimga birinchi ilhom manbai bo‘ldi. 2023 yilda Unisat 2.0 dasturiga tanlanib, 3D modellashtirish, fizika va CubeSat tuzilmalari bilan tanishdim. Tanlov natijasida 150 nafar ishtirokchidan eng yaxshi 40 talik ro‘yxatga kirib, yarim finalchi bo‘ldim.

Mohinur izlanishdan charchamadi. 2024 yilda innovatsiya va ta’limga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli “Technovation Girls Uzbekistan” tanlovida UNICEF tomonidan berilgan “Best Educational App” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu tajriba unga ilk bor biznes asoslarini o‘rgatdi va keyinchalik o‘z startapini yaratishda asqatdi.
Shuningdek, u “AIGirls Bootcamp”da jamoa loyihasi uchun loyiha menejeri (Project Manager) sifatida faoliyat yuritdi. Bu rol Mohinurga jamoani boshqarish, muddatlarga rioya qilish, samarali muloqot qilish va texnik bilimlarini strategik rejalashtirish bilan uyg‘unlashtirish kabi muhim malakalarni rivojlantirish imkonini berdi. Ushbu tajribalar uni turli sohalardagi texnologiyaga yo‘naltirilgan, ijtimoiy ta’sirga ega va barqaror yechimlar yaratishga intiladigan yosh tadbirkorga aylantirdi.
Mohinur dastlab IT sohasida o‘zini rivojlantirgan bo‘lsada, vaqt o‘tishi bilan uni boshqa sohalar — atrof-muhit muhofazasi, ta’lim, sun’iy intellekt hamda tadbirkorlik bilan birlashtira oldi. Aynan shu yondashuv unga ijtimoiy ahamiyatga ega, texnologiyaga asoslangan barqaror yechimlar yaratish imkonini berdi.
Mohinurning startap g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
–“ECOCUPS” — bu bir martalik plastik stakanlardan kelib chiqadigan eng katta ekologik muammolardan biriga yechim berishga intiluvchi “GreenTech” startapi, – deydi qahramonimiz. – Ushbu dasturda men sun’iy intellekt yordamida plastik kabi zararli materiallarni aniqlaydigan va odamlarni bu haqida xabardor qiladigan dastur yaratdim. Bu loyiha menga plastik chiqindilar sababli yuzaga kelayotgan jiddiy ekologik muammolar haqida chuqurroq tushuncha berdi. Shu vaqtdan boshlab, kundalik hayotimda atrofimdagi plastik ifloslanishga tobora ko‘proq e’tibor bera boshladim. Bu muammoning dolzarbligini his qilganim sari, shahrimda yuz berayotgan ekologik muammolarni o‘rganishni boshladim. Shu bilan bir vaqtda, Toshkent dunyodagi eng ifloslangan shaharlardan biri sifatida tan olinganini, havo iflosligi xavfli darajaga yetganini bildim. O‘zimga savol berdim: “Men bu muammoni hal qilishga qanday hissa qo‘sha olaman?”
Bilasiz, tabiat inson hayotining manbai, biz nafas oladigan havo, obihayot muhim ozuqa va yashash muhitimizni ta’minlovchi eng katta boylikdir. Ammo, afsuski, so‘nggi yillarda tabiatga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Insonning noto‘g‘ri faoliyati va e’tiborsizligi oqibatida ekologik muammolar tobora kuchayib bormoqda.

Men plastik chiqindilarni kamaytirish va ekologik toza alternativalarni targ‘ib qilish yo‘llarini o‘rganishni boshladim. Keng qamrovli tadqiqotlar orqali “ECOCUPS” g‘oyasi shakllandi. Bu startap plastik chiqindilarni kamaytirishga va sog‘lom iste’mol madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Har yili milliardlab plastik va qog‘oz stakanlar axlatxonalarga yoki okeanlarga tushadi, ular yuz yillar davomida parchalanmay, sayyoramizni ifloslantiradi.
Bizning yechimimiz “ECOCUPS” 99 foiz biologik parchalanadigan, yeyiladigan stakanlar. Ular ifloslanish o‘rniga, tabiiy tarzda iste’mol qilinadi yoki otib yuborilsa, biologik parchalanadi, ya’ni nol chiqindi hosil bo‘ladi. Tabiiy ingrediyentlardan tayyorlangan bu stakanlar mustahkam, mazali va ichimlik tajribasini yanada yoqimli qiladi. “ECOCUPS” turli xil ta’m variantlarida bo‘lib, kofe, choy, smuzi kabi ichimliklarga o‘ziga xos lazzat qo‘shadi.
Bugun “ECOCUPS” g‘oyasini O‘zbekiston bozorida amalga tatbiq etish yo‘lida moliyaviy bosqichga o‘tdik. Ammo bu — faqat boshlanishi. “ECOCUPS” bu shunchaki stakanlar emas, bu — toza havo, sog‘lom sayyora va barqaror kelajak sari tashlangan real qadamdir.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA