Sayxunobod tumanining “Farovon” kichik sanoat zonasidagi korxonalar soni bug‘doyni qayta ishlab, un mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan "Beehefar grop" korxonasi hisobiga yana bittaga ko‘payadi.
Umumiy loyiha qiymati 25 million dollar bo‘lgan korxonaning qurilish ishlarini viloyatdagi qurilish korxonasi quruvchilari amalga oshirayotgan bo‘lsa, 15.5 million dollarga eng so‘nggi rusmdagi tegirmon va silos uskunalari Tukiyadagi “Alapros Grain Milling Technology” korxonasidan keltiriladi. Buning uchun korxona ta’sischilarining 25 million dollar miqdoridagi pul mablag‘i yo‘naltirildi.


Yiliga 328 ming tonna un ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan korxona to‘lig‘icha ishga tushsa, 200 nafar ishsiz va daromadi yo‘q yoshlar muqim ish joylariga ega bo‘lishadi.
Bugungi kunda korxonada 9,5 mln.dollarlik qurilish ishlari bajarildi. 3 km temir yo‘l tarmog‘i tortib kelindi, 22000 kv.metr maydonda joylashgan omborxona, korxona ofisi va tegirmonini qurilish ishlari esa jadal suratlarda davom ettirilyapti.


Ana shu ishlar bilan tanishish maqsadida tuman hokimi Komiljon Mullajonov boshchiligidagi ishchi guruh korxonaga tashrif buyurib, ta’sischi va ishchi- xizmatchilarga ishni jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.


Mazkur korxona to‘lig‘icha ishga tushgach, kuniga 1200 tonna bug‘doy qayta ishlanib, undan 900 tonna un mahsuloti tayyorlanib, nafaqat ichki bozorga, tashqi bozorga ham chiqariladi. Bu esa o‘z navbatida Sayxunobod tumanining iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘sishiga, aholining farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri