Yangi inshootlar ochildi
Urganch davlat pedagogika institutining 7 qavatli, 1000 o‘rinli yangi o‘quv binosi hamda 300 o‘rinli Madaniyat saroyi foydalanishga topshirildi.
Mazkur zamonaviy inshootlarning foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili arafasida institut jamoasi va talaba-yoshlar uchun munosib tuhfa bo‘ldi.

Ochilish marosimida Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, institut rahbariyati, faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Urganch davlat pedagogika institutida zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, talaba-yoshlar uchun munosib sharoitlarni ta’minlash borasidagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda, – deydi Urganch davlat pedagogika instituti rektori vazifasini bajaruvchi Diyorjon Abdullayev. – Yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, talaba-yoshlar uchun yanada qulay va zamonaviy ta’lim sharoitlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur ta’lim dargohida talaba-yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, yangi binolar institutning ta’lim salohiyatini yanada yuksaltirishda, zamonaviy ta’lim, keng imkoniyatlar va yorqin kelajak sari muhim qadamdir.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri