Yangi ingliz tili darsligining yangiligi nimada?
Ingliz tili fani bo‘yicha ishlab chiqilayotgan yangi darsliklar, birinchi navbatda, o‘quvchilarning yosh xususiyati va bilim darajasiga moslab yaratilmoqda.
Respublika ta’lim markazi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, darsliklar shuningdek, xalqaro CEFR dasturi asosida va XXI asr ko‘nikmalari bilan uyg‘unlashtirilgan xalqaro standartlar asosida tayyorlanyapti.
Chet tillari bo‘yicha amaldagi davlat ta’lim standartlarida lingvistik, kommunikativ hamda pragmatik kompetensiyalar shakllantirilishi belgilangan edi. Endi esa dastur va darsliklarda zamon nuqtai nazaridan "Digital literacy", ya’ni raqamli texnologiyalar va "Cultural awareness" — madaniy xabardorlik ham kompetensiya sifatida kiritiladi.
Tilni loyiha ishlari asosida o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda bolalar o‘zlari turli eksperimentlar, loyiha o‘tkazish orqali tilni mustahkamlaydi.
Masalan, birinchi sinf darsligida bolalar ranglar mavzusini o‘rganganida suvli stakan, rangli qalamlar va salfetka yordamida kamalak hosil bo‘lishini tajribadan o‘tkazadi. Bu ularda tilni o‘rganish bilan birga fanni mustahkamlashga ham zamin yaratadi.

Darslik muayyan strukturaga ega. Bo‘limlar ham bir xil struktura asosida yoritilgan. Har bir sinf darsligi 10 ta (1 sinfda 9 ta) bo‘limdan iborat. Misol uchun, 1 sinf ingliz tili darsligi 9 bo‘limdan iborat va har bir bo‘lim olti soatdan o‘tilishi hisobga olingan.
Har bir bo‘limning birinchi mavzusi „Vocabulary“ — lug‘at, yangi so‘zlar bilan ishlash, ikkinchi darsi "Grammar" – grammatika, uchinchi dars "Skills" — bolalarda rivojlantiriladigan ko‘nikmalar, to‘rtinchi dars CLIL, ya’ni boshqa fanlar bilan integratsiyalashuv, beshinchi dars "Moral value" — tarbiyaviy va ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan mavzular, oltinchi dars fonetika — talaffuz qoidalarini mustahkamlashga qaratilgan. Shu tartib har bir bo‘limda takrorlanadi.
Yaratilayotgan ingliz tili darsligi o‘quvchilarda tanqidiy, mantiqiy va keng yaratuvchan ijodkorlik asosida fikrlash, jamoa bilan ishlash, muloqot, liderlik, media va raqamli savodxonlik, ijtimoiy mas’uliyat va boshqa XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bolalarning til bilish ko‘nikmalarini oshirish uchun xalqaro standartda eshitish va so‘zlashish qobiliyatini kuchaytirish uchun yangicha uslubdagi mashqlar, multimedialar yaratilgan.
O‘quvchilar boshqa fanlarda o‘rgangan bilimlari, egallagan ko‘nikmalarini ingliz tilida mustahkamlashi va ifodalay olishi uchun fanlararo integratsiyalashuv ham hisobga olingan. Shuningdek, o‘quvchilarda ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantirishga qaratilgan tarbiyaviy mavzular (moral value) qamrab olingan.
Yangi darslikdan quyi sinflarda o‘quvchilarda to‘g‘ri talaffuz qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun fonetika mashg‘ulotlari ham o‘rin olgan.
2021/2022 o‘quv yilidan xorijda tayyorlangan ingliz tili darsliklari tajriba-sinov tariqasida bir nechta maktablarda joriy qilinadi. Bunda ingliz tilini o‘sha tilda gaplashadigan davlat mutaxassislari tayyorlagan o‘quv qo‘llanmalar asosida olib borish sinovdan o‘tkaziladi. Ayni damda USAID va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston Barkamollik uchun ta’lim dasturi” doirasida Kembrij nashriyotida tayyorlangan ingliz tili darsliklari mahalliylashtirilib, tajriba-sinovga tayyorlanmoqda.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA