Yangi imkoniyatlar maskani bunyod etildi
Davlatimizda yoshlarga oid siyosat izchil va amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. Yurt kelajagi egalarining bilimli, kasb-hunarli, jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lib kamol topishiga qaratilgan bunday e’tibor natijasi o‘laroq, Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida zamonaviy Yoshlar shaharchasi foydalanishga topshirildi.
Yangi yilda tuman yoshlari uchun munosib bayram tuhfasi sifatida barpo etilgan ushbu majmuaga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
O‘n gektardan ortiq hududni qamrab olgan shaharcha tarkibida sport kompleksi, axborot-resurs markazi, adabiyot, san’at va madaniyat yo‘nalishidagi qator ijtimoiy ob’ektlar joy olgan. Ayniqsa, majmuaning salmoqli qismi sport infratuzilmasiga ajratilgani e’tiborga molik. Bu yerda ochiq va yopiq sport maydonchalari, suzish havzasi, katta tennis korti, voleybol, basketbol hamda vorkaut maydonlari barpo etildi. Ikkita zamonaviy sport zali esa turli yo‘nalishdagi mashg‘ulotlar uchun xizmat qilmoqda.

Katta o‘yingoh atrofida tashkil etilgan yugurish yo‘lagi tuman aholisi uchun ham sog‘lom turmush tarziga qadam qo‘yish imkonini yaratdi.
Alisher Navoiy hamda G‘ofur G‘ulom nomidagi, Chinobod, Sanoatchilar va Mevazor mahallalari aholisi bu yerda ertalabki badantarbiya mashqlari va sayrlarni odatga aylantirgan. Shu ma’noda, Yoshlar shaharchasi nafaqat yoshlar, balki barcha avlod vakillarini ommaviy sportga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
E’tiborli jihati, 2025 yilda Do‘stlik tumani sportchilari xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarda 54 ta medalni qo‘lga kiritdi. Xususan, paralimpiyachilar Bunyod Hayitmuhamedov, Farhod Umrzoqov, Roza Qo‘ziyeva va Umidjon Abduhalilovning xalqaro arenalardagi yutuqlari tuman sport salohiyati yuksalayotganidan dalolat beradi. Yangi sport inshootlarida esa kuniga 1080 nafardan ortiq yoshlar sportning 15 ga yaqin turi bilan muntazam shug‘ullanishmoqda.

Shaharchaning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ushbu majmua bunyodkorlik, mehr va ishonch ramzi ekanini ta’kidlab, u faqatgina binolar majmuasi emas, balki yoshlar uchun yangi tafakkur, yangi dunyoqarash va keng imkoniyatlar maskani ekanini qayd etishdi. Shuningdek, Yoshlar shaharchasi Prezidentimiz tomonidan Do‘stlik tumani yoshlariga bildirilgan ishonch va e’tibor ifodasi ekani alohida urg‘ulandi.
Tantanali tadbir davomida sport va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Ochilish marosimidan so‘ng esa tuman tashkilot va korxonalari o‘rtasida futzal bo‘yicha musobaqa o‘tkazilib, bayram shukuhiga shukuh qo‘shildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri