Yangi ijodiy loyiha AQSHda tasvirga olinadi
AQSHdagi Vatan Global Alliance o‘zbek jamiyati raisi Ozod Soliyev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov hamda Bolalar kontentini rivojlantirish markazi ijrochi direktori Zafar Yo‘ldoshev ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida AQSHda o‘zbek film va multfilmlarini namoyish etish, shuningdek, xorijda yashayotgan o‘zbek bolalari uchun madaniy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston milliy bayrog‘iga bag‘ishlangan ilk badiiy film – «Bayroq ko‘targan qiz» loyihasining asosiy qismini AQSHda suratga olish hamda kino ijodiy jarayoniga o‘zbek diasporasi vakillarini jalb etish bo‘yicha fikr almashildi.

Loyiha doirasida AQSHdagi suratga olish jarayonlarida mavjud mahalliy imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi. O‘zbek diasporasi vakillarining kino loyihalarida ishtirok etishi milliy madaniyatni xorijda kengroq namoyish etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tomonlar o‘zbek kinoijodkorlari va xorijdagi hamyurtlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini e’tirof etdi. Shuningdek, AQSHdagi o‘zbek jamoalari uchun milliy kino va bolalar kontentini taqdim etishning yangi formatlari bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Bunday loyihalar orqali O‘zbekiston tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlarini xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari kengayishi kutilmoqda. Kelgusida kelishuvlarni aniq loyihalarga aylantirish va hamkorlikning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Uchrashuv yakunida milliy kontentni xalqaro maydonda targ‘ib qilish hamda xorijdagi o‘zbek bolalarini milliy qadriyatlar bilan yanada yaqinlashtirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Usmonova, O‘zA