Yangi film suratga olindi
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan “Toshkentga yo‘l” (“Road to Tashkent”) qisqa metrajli filmi suratga olindi.
Mazkur kinokartina “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali dasturidagi “Kino 5 kunda” yosh rejissyorlar loyihasida qirg‘izistonlik ijodkorlar bilan birga yaratilgan. “Toshkentga yo‘l” qisqa metrajli filmi yosh aktyor Shokir haqida bo‘lib, bir kuni unga katta kinokompaniyadan qo‘ng‘iroq bo‘ladi va filmga taklif etishadi. Shokir o‘z karerasini boshlash uchun Toshkentga yo‘l oladi.
Film postanovkachi rejissyor Karash Janыshov, operator Chingiz Sulumbekovlar tomonidan suratga olindi.
Ma’lumot uchun, “Kino 5 kunda” tanlovida Ispaniya, Filippin, Yaponiya, Hindiston, Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan yosh kinoijodkorlar ishtirok etishdi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA