Yangi ekoturizm maskani barpo etilmoqda
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida, Aydar ko‘li atrofida ekologik uyg‘unlik va zamonaviy infratuzilma mushtarak bo‘lgan, yurtimiz tabiati va kelajak turizm salohiyatini ifoda etuvchi yangi ekoturizm maskani barpo etilmoqda.
Prezidentimiz 2025 yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda ta’kidlaganidek, mamlakatda turizmni rivojlantirish, ichki va ziyorat turizmi imkoniyatlarini kengaytirish, yangi turistik marshrutlar tashkil etish — bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Ana shu da’vatdan so‘ng, Aydar – Arnasoy hududidagi loyihalar yanada jonlandi, zamonaviy sayohat infratuzilmasini shakllantirish ishlari izchil sur’at oldi.

Ekologik maskan doirasida tabiatga uyg‘un ravishda ekomehmonxonalar, piyoda va velosiped yo‘laklari, axborot markazi barpo etilmoqda. Quyosh panellari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari, chiqindilarni saralash punktlari kabi yechimlar esa hududning ekologik barqarorligiga xizmat qiladi.

Qurilish ishlariga 60 dan ziyod maxsus texnika va 190 nafardan ortiq ishchi jalb etilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligini mahalliy aholi tashkil etadi. Bu esa loyihaning ijtimoiy ahamiyati — yangi ish o‘rinlari yaratilishi va hudud iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganidan dalolat beradi.
Aydar – Arnasoy ekoturizm maskani 2025 yil noyabrida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. U nafaqat dam olish uchun qulay maskan, balki O‘zbekistonning barqaror rivojlanish va turizm siyosatining amaliy namunasiga aylanadi.
A. Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri