Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlarning muhim tafsilotlarini taqdim etadi.

Ozarbayjon. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi boshchiligida Boku shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.
Poytaxtning Kongress-markazida davlatimiz rahbarini Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Ana-Klaudiya Rossbax kutib oldilar. Tadbirda shaharlarni barqaror rivojlantirish, arzon va zamonaviy uy-joy, iqlim barqarorligi, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda uy-joyni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Turkiya. Yuqori darajadagi Strategik Hamkorlik Kengashining 6-yig‘ilishi munosabati bilan Turkiya va Qozog‘iston yetakchilari — Rejep Tayyip Erdog‘an va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasidagi uchrashuvda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Muloqotda savdo, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, texnologiya va mudofaa sohalarida aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar neft eksporti hamda O‘rta koridor orqali yuk tashish imkoniyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan.

Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson Gothenburg shahrida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi savdo va investitsiyalarni kelgusi besh yil ichida ikki baravar oshirish masalasini muhokama qildi.
Tomonlar erkin savdo kelishuvi Shvetsiyada qariyb 23 mingta yangi ish o‘rni yaratishini ta’kidladi. Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan.

Efiopiya. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Addis-Abebada Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, xavfsizlik, energetika va boshqa masalalar muhokama qilingan. Tomonlar Afrikada barqaror taraqqiyot va hamkorlikni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA