Yangi davr oliy diplomatiyasi
Jahonda keskinlik kuzatilayotgan bir payt davlat rahbarlari barqarorlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muhim diplomatik muzokaralar olib bormoqda. Demak, haftaning oliy darajadagi uchrashuvlari tafsilotiga to‘xtalamiz.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Jazoir Prezidenti Abdulmajid Tebbunga ikki davlat va xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatni rivojlantirish hamda umumiy manfaatga qo‘shgan hissasi uchun Davlat ordenini tantanali ravishda topshirdi.

Marosimda ta’kidlanishicha, Abdulmajid Tebbunning izchil siyosati va konstruktiv yondashuvi natijasida Turkiya va Jazoir o‘rtasidagi hamkorlik bugungi kunda yuqori darajaga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qat’iy siyosiy iroda mavjud ekani alohida qayd etildi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Avstriya vazirlari Beate Maynl-Rayzinger va Gerxard Karner bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Qozog‘iston va Avstriya o‘rtasidagi strategik hamkorlik izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Avstriyaning Qozog‘iston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 3 milliard dollardan oshgani va savdo aloqalari kengayib borayotgani qayd etildi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar, xususan BMT va YeXHT doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida vizasiz rejim bo‘yicha kelishuv amalga kirgani alohida qayd etildi. Uchrashuvda zamonaviy xavf-xatarlarning transchegaraviy xususiyati ortib borishi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN)ga a’zo davlatlar rahbarlari yillik sammiti 2026-yil 8-may kuni Sebu shahrida bo‘lib o‘tdi. Sammitda asosiy e’tibor Yaqin Sharqdagi urushning oqibati va mintaqaviy iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish masalalariga qaratildi. Rasmiylar bu mojaro “aslida yuz bermasligi kerak edi” degan fikrni bildirishdi. Muhokamalarda Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining energiya va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha favqulodda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqildi.
Mintaqa davlatlari neft va gazning katta qismini Yaqin Sharqdan import qiladi. Mezbon davlat Filippin Prezidenti Ferdinand Markos sammitni global iqtisodiy bosim sabab odatdagi tantanali tadbirlarsiz o‘tkazilishini ma’lum qildi. Shuningdek, rahbarlar Yaqin Sharqda ishlayotgan 1 milliondan ortiq ASEAN fuqarolarini zarurat tug‘ilganda evakuatsiya qilish masalasini ham muhokama qilishdi. Ma’lumotga ko‘ra, AQSH va Isroil Eronga bergan zarbalardan so‘ng mintaqada keskinlik saqlanib qolmoqda. Ayniqsa, Hurmuz bo‘g‘ozi hududida vaziyat hamon beqaror.

Yerevan shahrida Yevropa siyosiy hamjamiyati (EPC) 8-sammiti bo‘lib o‘tdi. 40 dan ziyod davlat rahbari ishtirok etgan anjumanda demokratik barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy va energetik xavfsizlikni kuchaytirish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishga Antoniu Koshta va Nikol Pashinyan hamraislik qildi. Shuningdek, Kanada Bosh vaziri Mark Karni ilk bor EPC sammitida mehmon sifatida ishtirok etdi. Yetakchilar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash zarurligiga alohida urg‘u berishdi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA