Yangi davr oliy diplomatiyasi
-
Har bir davlat tashqi siyosatini amalga oshirishda diplomatik aloqalarni mustahkamlash, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga alohida ahamiyat beradi. Oliy darajadagi rasmiy tashriflar nafaqat o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi, balki sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ham belgilaydi. O‘zA yangi rukn orqali oliy darajadagi muloqotlar, dolzarb mavzular va imzolangan hujjatlar bo‘yicha hafta davomidagi tafsilotlarni taqdim etadi.
Erdog‘an Guterrishga Otaturk xalqaro tinchlik mukofotini topshirdi
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga Otaturk xalqaro tinchlik mukofotini topshirdi. Taqdirlash marosimida ta’kidlanishicha, xalqaro tuzilma rahbari dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek global gumanitar inqirozlarni hal etish borasida faol sa’y-harakat olib bormoqda. Ayniqsa, G‘azo sektoridagi vaziyatga doir insonparvarlik tashabbuslari, mojarolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga nisbatan yondashuv alohida e’tirof etildi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Niderlandiya Bosh vaziri Rob Yetten Parijda uchrashdilar. Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik yanada mustahkamlanishi haqida so‘z borib, siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalarida yaqin aloqani kuchaytirish rejasi muhokama qilindi. Strategik sherik hisoblangan bu ikki davlat Yevropa Ittifoqi va NATO doirasidagi hamkorlikni faol davom ettirishga kelishib olishdi.
Pokiston va Saudiya hamkorligi muhokama qilindi
Pokiston Bosh vaziri Shexbaz Sharif Saudiya Arabistoni taxti vorisi Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi.
Uchrashuvda hozirgi global vaziyat muhokama qilinib, mintaqaviy tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishildi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakati va Eronning javob zarbalari sharoitida kechgan muloqot davomida tomonlar strategik va harbiy aloqani mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik istagini bildirishdi.
Vuchich BAA elchixonasida bo‘ldi
Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchich Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan Belgradda tashkil etilgan iftorlik marosimida qatnashdi. Uchrashuvda davlat rahbari mazkur an’ana odamlarni birlashtirishi, hamjixatlik va muruvvat tuyg‘usini mustahkamlashiga urg‘u berdi. Ayniqsa yordamga muhtoj insonlarga muruvvat ko‘rsatish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.
G7 yetakchilari G‘azo inqirozi va global energetika masalalarini
muhokama qildi
Jahonning yetakchi davlatlari rahbarlari Emmanuel Makron tomonidan tashkil etilgan onlayn videokonferensiyada G‘azo inqirozi va global energetika bozoridagi holatni muhokama qilishdi. Muloqot chog‘ida neft narxi, Hurmuz bo‘g‘ozi xavfi kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi. Rahbarlar mintaqaviy tinchlik va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yo‘lida hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA