Yangi dastur yoshlarning bilimini oshirishga xizmat qiladi
bugungi kunda dunyo aholisining qariyb 1,8 milliardi yoshlarni tashkil etadi.
Ularning ko‘pchiligi qashshoqlik, zo‘ravonlik, yakkalash kabi muammolarga duch kelishadi.
Shu bois, Butunjahon musulmonlari ligasi (MWL) va Toni Bler Global o‘zgarishlar instituti (TBI) kelajak avlodga xizmat qilish yo‘lida o‘z qarashlarini birlashtirish maqsadida yangi hamkorlikka qo‘l urdilar.
Butunjahon musulmonlari ligasi va Toni Bler Global o‘zgarishlar instituti keng miqyosli ta’lim dasturini amalga oshirish maqsadida keyingi uch yil mobaynida birga ishlashadi. Ushbu dastur dunyoning 18 dan ortiq mamlakatida istiqomat qilayotgan 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan yoshlarda tanqidiy fikrlash va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Dastur dunyo miqyosidagi maktablar va ta’lim sheriklari tarmog‘i orqali ishlaydi va ushbu ko‘nikmalarni o‘z o‘quvchilariga yetkazish maqsadida 2400 nafardan ortiq o‘qituvchilarni tinglash va global muloqot qilishga o‘rgatadi.
Shuningdek, ushbu hamkorlik yoshlar va ularning hamjamiyatlari o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik, ishonchni mustahkamlashga, diniy va madaniy xilma-xillikni to‘g‘ri qabul qilishga o‘rgatadi.
Muloqot ko‘nikmalarini o‘zlashtirish noto‘g‘ri ma’lumotga qarshi kurashish, yoshlar o‘rtasida hamdardlikni kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi.
www.arabnews.com sayti materiallari asosida
Gulruh Abdullayeva tayyorladi, O‘zA