Yangi dastur fermerlarning og‘irini yengil qiladi
Yuqori sur’atlarda o‘zgarib borayotgan dunyoda har sohada innovatsion yangiliklar, dasturlar yaratilmoqda. Mamlakatimizda ham raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 10-bandida “Agrobank” ATB, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda fermer xo‘jaliklarida soddalashtirilgan tartibda buxgalteriya hisobini yuritishga mo‘ljallangan dasturiy ta’minot ishlab chiqish, uni Markazlarda qo‘llash, kelgusida takomillashtirib borish, Markazlarga va Kengashga a’zo bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga bepul tarqatish yuklatilgan.
Davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining agrotexkartalari asosida ajratilgan kredit resurslarini onlayn tarzda boshqarish, to‘lovlarni amalga oshirish va qoldiqlarni nazorat qilib borish imkoniyatini beruvchi maxsus mobil banking dasturiy ta’minotini ishlab chiqish va unga oid yangiliklarni doimiy ravishda kengashning hamda «Agrobank» ATBning veb-saytida e’lon qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Qarorning ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshida “agroonline.uz” axborot tizimi (dastur) ishlab chiqildi va bugungi kunda buxgalteriya markazlarida ishlatilmoqda.
O‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “RealSoft” MCHJ tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan ushbu dasturdan to‘g‘ri foydalanish, mablag‘larni o‘z vaqtida moliyalashtirish va tashkilotlar bilan hisob-kitob qilish maqsadida zarur topshiriqlar berildi.
J.Galayev,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi