Yangi dastur asosida ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berilmoqda
Davlat rahbarining qarori asosida 2026-yil 1-martdan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim dastur hayotga tatbiq etilmoqda.
Qarorga ko‘ra, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan, 1-guruh nogironligi bo‘lgan hamda mehnatga layoqatli a’zosi mavjud bo‘lmagan oilalarning uy-joylari bosqichma-bosqich energiya tejamkor tarzda ta’mirlanadi. Jumladan, xonadonlarning devor va tom qismlari izolyatsiya qilinib, zamonaviy energiya tejovchi deraza va eshiklar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, quyosh panellari yoki geliokollektorlar bilan jihozlash orqali uylarning energiya samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

–Ushbu dastur doirasida Buxoro viloyatida jami 89 ta xonadonda qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi, –deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi shu’ba mudiri Xurshid Avezov. –Ayni paytda mazkur ishlar izchil davom ettirilib, ehtiyojmand oilalar uchun qulay va zamonaviy yashash sharoitlarini yaratish choralari ko‘rilmoqda.
Kogon shahri “Amir Temur” mahalla fuqarolar yig‘inida ham ushbu dastur samaralari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Mahallada 2442 nafar aholi istiqomat qiladi, ulardan 68 nafari nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblanadi. Mahalla ijtimoiy xodimi Munavvara Rahmonova tomonidan ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday fuqarolardan biri 1-guruh nogironligi bo‘lgan, ko‘zi ojiz Usmon Raxmatullayevdir. U ikki nafar voyaga yetmagan farzandni tarbiyalab kelmoqda. Ijtimoiy xodim tomonidan Usmon aka “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilib, unga davlat tomonidan bir qator amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ajratildi, Ramazon oyi munosabati bilan bir martalik yordam berildi hamda kommunal to‘lovlari uchun kompensatsiya belgilandi.

Ayni paytda uning xonadonida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Uy-joy nogironligi bo‘lgan shaxs ehtiyojlariga moslashtirilib, issiqlikni saqlovchi izolyatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa nafaqat yashash sharoitini yaxshilash, balki energiya tejamkorlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Buxoro tumani “Oybek” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan fuqaro Shoira Sa’dullayeva xonadonida ham ta’mirlash ishlari boshlandi. Uyning eskirgan oynalari zamonaviy energiya tejamkor oynalarga almashtirilib, kelgusida xonadonning tashqi qismi issiqlikni saqlovchi materiallar bilan qoplanishi rejalashtirilgan. Bu esa issiqlik yo‘qotilishini kamaytirib, yashash sharoitini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Umuman olganda, mazkur dastur orqali Buxoro viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun qulay, xavfsiz va energiya tejamkor uy-joy sharoitlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri