Yangi bog‘cha foydalanishga topshirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani “Orjap” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 150 nafar bolajon uchun mo‘ljallangan 17-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami munosabati bilan foydalanishga topshirilgan mazkur bino Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida berilgan topshiriq asosida, 6,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etildi.

Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M. Atamuratov ishtirok etib, o‘sib kelayotgan yosh avlodga g‘amxo‘rlik qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, maktabgacha ta’lim uchun bunday zamonaviy sharoitlarni yaratish hududni barqaror rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng mehmonlar yangi binoning infratuzilmasi, bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri