Yangi binolar foydalanishga topshirildi
Ramazon hayiti arafasida Jizzax viloyatining bir qator hududlarida yangi ob’ektlar qurilib, ishga tushirilmoqda.
Jumladan, olis tog‘li Yangiobod tumani Balandchaqir mahallasida 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun 120 o‘rinli zamonaviy bino qurildi.
Bog‘cha zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan darajada jihozlangan bo‘lib, bolajonlar uchun barcha qulaylik yaratilgan.
DMTTda mashg‘ulot xonalari, shinam yotoqxona, keng oshxona, shuningdek, bolalarning jismoniy va intellektual rivojlanishiga ko‘mak beruvchi sport hamda o‘yin maydonchalari mavjudligi e’tirofga loyiq.
Ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilish va jihozlanishi uchun davlat byudjeti hisobidan 3 milliard 900 million so‘m mablag‘ sarf-xarajat qilindi.


***
Zarbdor tumanidagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini zamonaviy va qulay yangi binoga ko‘chib o‘tdi.
Ushbu yangi maskan nafaqat mahalla fuqarolariga xizmat ko‘rsatadi, balki muloqot va birdamlik markaziga aylanadi. Bu yerda mahalla hayotiga doir turli uchrashuvlar, maslahatlar va ijtimoiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Mustaqillik mahallasining ushbu yangi binosi mahalla institutini rivojlantirish borasidagi tizimli ishlarning amaliy ifodasidir.


***
Jizzax shahridagi “Sayxon” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun qurilgan yangi bino foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida mahalla faollari va hudud aholisi ishtirok etib, yangi binoning ramziy kaliti tantanali ravishda topshirildi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini uchun maxsus qurilgan ushbu bino fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Yangi binoda mahalla aholisi uchun turli tadbirlar, uchrashuvlar va maslahatlar tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.

Hudud aholisi yangi binoga ega bo‘lish orqali mahalla faoliyatini yanada rivojlantirish, fuqarolarga qulaylik yaratish va ijtimoiy faollikni oshirish imkoniga ega bo‘ldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari