Prezident ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalarini umumta’lim maktablariga joriy qilish maqsadida 2023-2024 o‘quv yilidan Buxoro viloyatida dastlab 28 ta maktabda, 2024-2025 o‘quv yilida esa 126 ta maktabda yangi baholash tizimi tatbiq etilgan edi.
Yangi 2025-2026 o‘quv yilida yana 146 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etilib, bunday maktablar soni 300 taga yetadi. Buxoro davlat pedagogika institutida tashkil etilgan “Mezonlarga asoslangan baholash” mavzusidagi seminar-treningda aynan yangi baholash tizimiga o‘tayotgan 146 ta maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev, Buxoro davlat Pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ishchi guruhi rahbari Arslonbek Rahmonqulov so‘zga chiqib, bugungi kunda ta’lim tizimida olib borilayotgan izchil islohotlar, xususan, umumta’lim maktablarida yangi baholash tizimining joriy etilishi, uning afzalliklari xususida to‘xtalib o‘tdi.

Seminar-trening jarayonida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tomonidan mezonlarga asoslangan baholash tizimining o‘ziga xos jihatlari, baholash mezonlarini belgilash tartibi, yangi baholash tizimini amaliyotda samarali qo‘llash bo‘yicha ma’lumot berildi.


Yangi baholash tizimi kirib kelishi pedagog va o‘quvchilar faoliyatini tubdan o‘zgartiradi. Pedagog bilim beruvchi emas, balki bilimni mustaqil egallashga yo‘naltiruvchi shaxsga aylandi. Ular sifatli natijalarga olib keladigan mezonlar asosida o‘quvchilarni baholash, o‘qitish sifatini oshirish, ularning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda har bir o‘quvchi uchun mashg‘ulot hajmini rejalashtirish, turli baholash usullaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.