Samarqand xalqaro turizm markazida Samarqand shahridagi jamoat transporti xizmatini yanada rivojlantirish, “yashil shahar” doirasida jamoat transportini ham texnologik yangilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Transport vazirligi departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zmetov hamda Xitoyning “Yutong bus” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha sotuv bo‘limi boshlig‘i Yang Hu so‘zga chiqib, o‘zaro hamkorlik aloqalari, istiqboldagi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
– “Yutong bus” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy avtobuslar mamlakatimiz transport tarmog‘ida samarali xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi Transport vazirligi departament boshlig‘i Ruslan Ro‘zmetov. – Dastlab kompaniya avtobuslari turizm sohasida foydalanilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib jamoat transportida ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, Toshkent shahri jamoat transportini rivojlantirish maqsadida olib kelingan zamonaviy avtobuslarning 800 tasi “Yutong bus” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Eng muhimi, ushbu avtobuslarning 300 tasi elektrobus bo‘lib, bugungi kunda katta shaharlarda amalga oshirilayotgan “yashil shahar” rejasiga to‘la javob beradi. Ushbu transport vositalarining har tomonlama qulayligi bois Samarqand shahrida ham jamoat transportini rivojlantirish borasida boshlangan islohotlar jarayonida yo‘nalishlardagi avtobuslarni elektrobuslarga almashtirish ko‘zda tutilgan. Shu asosda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda e’lon qilingan loyiha tenderida “Yutong bus” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Kelishuvga ko‘ra, Samarqand shahri jamoat transporti uchun joriy yilda 100 zamonaviy elektrobus yetkazib berilishi belgilangan. Ayni paytgacha 6 dona elektrobus keltirilgan. Umuman, mazkur loyiha bo‘yicha jami 350 dona elektrobus olib kelinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, qolgan elektrobuslar shartnomaga muvofiq, bosqichma-bosqich yetkaziladi. “Yutong bus” bilan hamkorligimiz faqatgina shu bilan cheklanib qolmaydi. Hozirda Nukus va Namangan shaharlarida ham ekologik toza transport vositalariga o‘tish borasida ishlar olib borilmoqda. Bu shaharlarda ham jamoat transporti uchun “Yutong bus” elektrobuslari jalb qilishini mo‘ljallanmoqda.
2012 yildan mamlakatimiz transport tizimiga kirib kelgan “Yutong bus” kompaniyasi avtobuslari qisqa vaqt ichida respublikamizdagi transport xizmati va turizm sohasi vakillarining ishonchini qozondi. Bugungi kunda ushbu sohalarda “Yutong bus” avtobuslaridan keng foydalanilmoqda. Navoiy viloyatidagi “Hunarmand” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaharlararo va turizm sohasida transport xizmatini tashkil qilib, birinchilardan bo‘lib “Yutong bus” kompaniyasining birinchi avlod 12 metrli ZK6122H modelini xarid qilgan edi. Ushbu avtobus bir million kilometrga yaqin masofani bosib o‘tib, bugungi kunda ham katta ta’mirlarsiz xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
[gallery-12735]
– Transport xizmatini boshlagan vaqtimiz qaysi avtobusni xarid qilish haqida rosa bosh qotirgan edik, – deydi “Hunarmand” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahrom Oydinov. – O‘ylab-o‘ylab “Yutong bus” avtobusini tanlagandik va bugun ushbu tanlovimiz muvaffaqiyatli chiqqanidan mamnunmiz. Bu avtobus sifatli va mustahkam bo‘lishi bilan birga xavfsizlik talablari ham juda puxta ishlangan. Shu bois, bugungi taqdimot marosimida kompaniyadan yana ikkita avtobus xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Maqsadimiz xalqimizga sifatli va xavfsiz transport xizmati ko‘rsatishdan iborat.
Tadbir davomida “Yutong bus” kompaniyasi tomonidan shaharlararo va turistik xizmatlar uchun mo‘ljallangan yangi avlod avtobuslari taqdimoti o‘tkazildi.
– O‘zbekiston transport bozorida 10 yildan beri faoliyat yuritib kelyapmiz, – deydi "Yutong bus" kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha sotuv bo‘limi boshlig‘i Yang Hu. – Bu vaqt oralig‘ida o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘ydik. O‘zbekistonda jamoat transportini rivojlantirish borasida boshlangan yangilanishlarda kompaniya faol ishtirok etmoqda. Bugungi kunda Toshkent shahrida kompaniyamizda ishlab chiqarilgan 300 elektrobus va tabiiy gazda harakatlanadigan 500 avtobus aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Albatta, sifatli mahsulotga talab ortadi. Biz ham ayni shu maqsadda avtobuslarimizni zamon talablariga mos tarzda takomillashtirib bormoqdamiz. Bugun taqdim qilingan yangi avlod avtobuslari kamxarj, chidamli, xavfsiz bo‘lganligi bois hamkorlarimizga ma’qul keladi, deb o‘ylayman. Ayni paytda mamlakatda kompaniyamiz ishlab chiqargan avtobuslarga texnik xizmat ko‘rsatish ham dolzarb masala bo‘lib turibdi. Bu borada ham maqsadli rejalarni amalga oshiryapmiz. Hozirda kompaniyamizning 20 nafar malakali mutaxassisi O‘zbekistonda avtobuslarimizga texnik xizmat ko‘rsatmoqda. Samarqand jamoat transportida ham yirik loyihani amalga oshiryapmiz. Buning uchun, albatta, shu yerda texnik xizmat ko‘rsatish markazi tashkil qilinishi zarur. Shu maqsadda mahalliy hamkorlar bilan birgalikda bu bo‘yicha amaliy ishlarni boshlaganmiz.
– Bugungi kunda Samarqand shahrini “yashil shahar” tamoyili asosida rivojlantirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, shahardagi jamoat transportini ekologik xavfsiz transport vositasiga o‘tkazish ishlariga kirishilgan, – deydi Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i Akobir Ashurov. – Xususan, hozirda shahar jamoat transportida “Yutong bus” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 6 dona elektrobus harakatlanmoqda. Yil yakuniga qadar ular soni 100 taga yetkaziladi va shahar jamoat transporti yo‘nalishlari bo‘yicha aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Rejaga ko‘ra, “Samarqandyo‘lovchitrans” davlat korxonasi tomonidan yana 250 elektrobus xaridini amalga oshirish va shahardagi jamoat transporti yo‘nalishlariga chiqarilishi belgilangan. Jamoat transporti xizmatini rivojlantirish borasida chora-tadbirlar faqatgina Samarqand shahri bilan chegaralanmaydi. Belgilangan loyihalar bo‘yicha zamonaviy avtobuslar harakati barcha tuman va shaharlarda amalga oshiriladi.
Tadbir davomida yangi modellarning texnik imkoniyatlari, xizmat ko‘rsatish, xaridlarni amalga oshirish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA