Yangi avlod yuridik adabiyotlar yaratildi
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida yuridik texnikumlarning kutubxona fondini yuridik adabiyotlar bilan boyitish belgilangan.
Shu asosda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan 21 nomdagi yangi avlod darsliklari tayyorlandi.
Adliya vazirligida mazkur yuridik adabiyotlarning taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim tizimiga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va professor-o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish, shuningdek, ta’lim muassasalarini uslubiy jihatdan ta’minlash bilan bog‘liq keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Yaratilgan yangi avlod yuridik adabiyotlari yuridik texnikum o‘quvchi-yoshlari bilimini mustahkamlashga qaratilgan ishlarning davomi bo‘ldi.
Darsliklarni tayyorlashda ilg‘or xorijiy tajribadan keng foydalanilgan. Ushbu 21 nomdagi yangi avlod darsliklari 1 ming 145 tirajda, jami 24 ming 45 darslik chop etildi.
Darsliklarda mavzularning keng yoritib berilishi va mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratilgan hamda darsliklar zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda kreativ yondashuv asosida yangicha dizayn va ko‘rinishga ega.
O‘quvchi va talabalarga bilim olish uchun sharoit yaratilishi bilan birga, ularni rag‘batlantirib borish ham yo‘lga qo‘yilgan.
Adliya vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari uchun Adliya vazirligi stipendiyasi shu maqsadda joriy etilgan. Ushbu stipendiya o‘zlashtirish ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan talabalarga beriladi.
Bu yil 80 nafar talaba va o‘quvchi mazkur stipendiya sovrindori bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA