Yangi avlod imkoniyatlari borasida so‘z bordi
Nukus shahridagi Yoshlar markazida “Innovatsion tadbirkorlik va yoshlar: yangi avlod imkoniyatlari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Ushbu tadbir “Tadbirkor yoshlarning 1000 innovatsion loyihasi” dasturi doirasida amalga oshirildi hamda O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston filiali hamkorligida o‘tkazildi.
Seminarning asosiy maqsadi yoshlarga zamonaviy ishbilarmonlik asoslarini o‘rgatish, biznes-reja tuzish, moliyaviy hisob-kitoblarni yuritish, marketing strategiyalarini qo‘llash va raqobatbardosh mahsulot yaratish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berishdir. Shu bilan birga, innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanishga oid bilimlarni singdirish orqali yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlash nazarda tutilgan.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlarning iqtisodiy faolligi, ijtimoiy masalalardagi ishtiroki va innovatsion fikrlash salohiyati mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi omillaridan biri sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlik sohasiga jalb etish, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va innovatsion yechimlar yaratishda yordam berish ustuvor vazifalardan biridir.
Mahorat darsi shaklida o‘tkazilgan tadbirda turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi tajribali tadbirkorlar — Amina Bekchanova, Dilfuza Djiyenbekova, Asqar Qalniyazov hamda Nukus shahar Kengashi deputatlari ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot uyushtirishdi. Ular bozorlardagi real talablar, innovatsion yondashuvlar va biznesda hamkorlik imkoniyatlari haqida amaliy ma’lumotlar taqdim etishdi.
Tadbirning yana bir muhim jihati shunda bo‘ldiki, yoshlar tomonidan bildirilgan g‘oya va tashabbuslarning muhokamasi bo‘ldi. Xususan, ishtirokchi Miyirxan Utexanova milliy raqslar asosida turistlar uchun qisqa konsert dasturi tashkil etish g‘oyasini taqdim etdi. Bu taklif tadbirkorlar tomonidan ijobiy baholandi va loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlardan aholi turmush darajasi past bo‘lgan hududlarda mobil xizmat ko‘rsatish (sartaroshlik, tikish-bichish, texnika ta’miri), ekologik toza mahsulotlar yetishtirish va marketpleys orqali sotish, “Mobil biznes markazlar” tashkil etish, u joylardagi yoshlarga bir martalik biznes maslahatlari, xuquqiy yordam, grant dasturlari haqida ma’lumot yetkazuvchi avtobus yoki maxsus avtomashina xizmatini yo‘lga qo‘yish kabi bir qator takliflar kelib tushdi. Ushbu g‘oyalar tadbirda muhokama qilinib, ularni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilar tadbirni yoshlar uchun yaratilgan amaliy maydon sifatida baholadilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri