“Yangi avlod – Buxoro shahar hokimi kubogi”
Buxoroda ilk marotaba yoshlarning texnik ijodkorligi, muhandislik tafakkuri va innovatsion salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan robototexnika va aviamodellashtirish bo‘yicha “Yangi avlod – Buxoro shahar hokimi kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa maktab o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilib, unda viloyatning turli hududlaridan 200 nafardan ortiq o‘quvchilar ishtirok etdi.


– Yoshlarning innovatsion g‘oyalarga bo‘lgan qiziqishi, texnik ijodkorligi va intellektual salohiyatini yuksaltirish borasida bunday musobaqalarning ahamiyati beqiyos. Musobaqa zamonaviy texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha qizg‘in va murosasiz bahslar ostida o‘tdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar robotlarni loyihalash va dasturlash, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, mexanika, aerodinamika hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini amaliy tarzda namoyon etdi. Musobaqa qatnashchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat bilan birga o‘zaro hamkorlik va do‘stlik muhitini ham shakllantirdi. Shu bois tadbir nafaqat texnik bellashuv, balki yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik bayrami sifatida yodda qoldi. Mazkur musobaqa kelgusida an’anaviy tarzda o‘tkazilishi, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va yuksak marralar sari mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov.

Musobaqa to‘rt yo‘nalishda o‘tkazildi va har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, “Robo Racye” yo‘nalishida Ahmadjon Istamov, “Line Followyer” yo‘nalishida Shoxruxmirzo Hafizov, “Robofutbol” yo‘nalishida Shukurjon Baxshilloyev va Ozodbek Ramazonov, hamda “Rezina motorli aviamodellar” yo‘nalishida Feruz Bahodirov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, kubok va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqada qatnashgan barcha ishtirokchilarga sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.