Bugun adirliklar bag‘rida barpo etilayotgan Yangi Andijon shahriga tashrif buyurgan har qanday kishi amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlaridan hayratlanishi aniq. Keng, ravon yo‘llar, biri-biridan ko‘rkam ko‘p qavatli uylar, atrofi gullarga burkangan yo‘lakchalar, umuman, adirlik bag‘ri bo‘stonga aylanayotgani har qanday odamning havasini keltiradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga avvalgi yillardagi tashrifida viloyatning adir zonalarida ko‘p qavatli uylar qurish va shu orqali aholini arzon, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidlab, ushbu loyihani amalga oshirishga tamal toshini qo‘ygan edi.
Bugun Andijon tumani adirliklarida 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘lgan Yangi Andijon shahrini barpo etish borasidagi ishlar qizg‘in olib borilmoqda.
Umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan shaharning 1 ming 439 gektar maydonida 40 ming xonadondan iborat 2 mingta ko‘p qavatli turar-joylar, savdo maskanlari qad rostlaydi. Shuningdek, 223 gektarda xizmat ko‘rsatish, 1 ming 820 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 499 gektar maydon yo‘llar va boshqa infrastruktura ob’ektlaridan iborat bo‘ladi.
“Yangi Andijon shahri” loyihasi bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 5, 7 va 9 qavatli 192 ta ko‘p kvartirali uy, 1 ming 680 o‘rinli umumta’lim maktabi, 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 250 qatnovli poliklinika, trikotaj korxonasi, ipoteka markazi, qator ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilishi belgilangan.
– Ayni kunda tasdiqlangan reja asosidagi ishlar qizg‘in olib borilmoqda, – deydi viloyat hokimligining qurilish ishlari bo‘yicha mas’ul mutaxassisi Shohruhbek Sobirov. – Xususan, hozirga qadar 2 ming 460 xonadonli 82 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, 1-umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkiloti, poliklinika, ipoteka markazi, trikotaj fabrikasi, “Vatanparvar bog‘i”, qator savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirildi.
Hududni tashqi muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha birinchi navbatdagi ishlar ham izchil olib borilmoqda. Jumladan, hozirga qadar hududga 18 kilometr uzunlikdagi elektr, 24 kilometr tabiiy gaz, 11,4 kilometr aloqa, 42 kilometr ichimlik va oqova suv tarmog‘lari tortilib, ishga tushirildi, 22,9 kilometr uzunlikdagi yo‘llar barpo etildi.
Uy-joylar, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida umumiy qiymati 33 milliard so‘mga teng loyiha doirasida sig‘imi 4 ming metr-kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshootining ishga tushirilganligi esa hududda ichimlik suvi masalasini to‘la hal etdi.
– Yangi Andijon shahridagi go‘zal manzarani ko‘rib, ko‘z quvnaydi, – deydi shahardagi 21-uyning 5-xonadonida yashovchi, mehnat faxriysi Abdurazzoq Sharipov. – Sharoitlar yaxshiligi uchun ayolim bilan shu yerga, o‘g‘limning xonadoniga kelib yashayapmiz. Ertalab sayr qilamiz, bahavo joylar bo‘lgani uchunmi salomatligimizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti.
Yoshim yetmishga yaqinlashyapti. Ochig‘i, keyingi yillarda yurtimizdagi, viloyatimizdagi o‘zgarishlardan, bunyodkorlik ishlaridan aqlim shoshib qolmoqda. Har qadamda o‘zgarish, yangi qurilish. Qisqa muddatda barpo etilayotgan bir-biridan chiroyli binolarni ko‘rib, shu kunlarga yetkazganiga shukr qilaman. Ilohim yurtimiz tinch, mana shunday xayrli ishlar boshida turgan yurtboshimiz omon bo‘lsin.
Biz ushbu hududda ish boshlagan maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldik. Muassasada yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib, ochig‘i havasimiz keldi.
– Umumiy qiymati 18,4 milliard so‘mga teng loyiha doirasida barpo etilgan, qariyb 1 gektar maydonga ega, 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotimizda ayni kunda 6 ta guruhda 180 nafar bolajon tarbiyalanmoqda, – deydi tashkilot rahbari Mashxuraxon Mashrabova. – Zamonaviy qiyofaga ega muassasamizda bolajonlarni maktab ta’limiga tayyorlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk va barkamol tarbiyalash uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Oshxona, o‘yin va sport maydonchalari, musiqa, sport, shaxmat, rus, ingliz tili to‘garak xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Maskanda 38 nafar malakali pedagog va tarbiyachilar bolajonlarga bilim, tarbiya bermoqda. Ayniqsa, Shohida Omonova, Shohsanam Otajonova, Mohigul Mahmudova, Feruza Mahammatqodirova, Ra’no To‘rayeva, Muhtaram Umrzoqova singari malakali ustoz, tarbiyachi va yordamchi tarbiyachilar faoliyatidan barcha mamnun.
– Yangi Andijon shahriga ko‘chib kelganimizga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, – deydi Muhayyo Sodiqova. – Ikki nafar farzandimni ushbu bog‘chaga berganman, sharoitlari juda yaxshi.
Ertalabdan farzandlarim tezroq bog‘chaga, bog‘cha opamga boraylik, deb xar-xasha qiladi. Bolalarimning bog‘chaga talpinishlaridan bilamanki, ular bog‘chada ko‘ngillarini chog‘ o‘tkazadi.
Joriy yilda hududda yana 1 ming 132 xonadonli 40 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ayni kunlarda o‘nlab qurilish tashkilotlari tomonidan qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Andijon shahridagi “Binokor madad qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan hududdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi, ko‘p qavatli uylar barpo etildi.
– Ayni kunda quruvchilarimiz 2 va 3 xonali yana ikkita 9 qavatli uy qurmoqda, – deydi jamiyat rahbari Xurshidbek Habibullayev. – Qurilish ishlari belgilangan reja asosida olib borilmoqda. Shu kunlarda 50 nafarga yaqin mutaxassis va quruvchilarimiz ish olib bormoqda. Maxsus kran va boshqa texnika vositalaridan foydalanilmoqda.
Yangi O‘zbekistonimizning Yangi Andijon shahridagi dastlabki inshoot va uy-joylarini barpo etayotganligimizdan, andijonliklarni yangi uy-joylar bilan ta’minlash ishiga hissa qo‘shayotganligimizdan faxrlanamiz.
Hududdagi Ipoteka markazida davlat xizmatlari agentligi, banklar va boshqa xizmat ko‘rsatish tashkilotlari shoxobchalari, qurilish tashkilotlari ofislari joylashgan bo‘lib, yangi uy olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kredit ajratish hamda boshqa barcha turdagi xizmatlar shu yerning o‘zida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi Andijon shahrida 5,5 gektar maydonda barpo etilgan “Vatanparvar” bog‘ining ham ramziy ma’nosi bor. Bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, o‘rnatilgan harbiy texnikalar muzeyi, konsert va tomoshalar maydonlari, Vatan ozodligi, tinchligi hamda himoyasi yo‘lida jon fido qilgan marhumlar xotirasiga hurmat sifatida o‘rnatilgan yodgorliklar har qanday kishining qalbida unutilmas taassurotlar qoldiradi.
[gallery-22247]
Amfiteatr, dam olish joylari, kafeteriylar, bolalar o‘yingohi, dekorativ piyodalar yo‘laklari, sug‘orish va yoritish tizimlariga, avtoturargoh va boshqa kichik arxitektura inshootlariga ega bo‘lgan, 19 gektar maydonda tashkil etilayotgan manzarali bog‘ hudud qiyofasini yanada go‘zal bo‘lishiga xizmat qiladi.
Katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan Yangi Andijon shahri yaqin yillar ichida shubhasiz, Andijonning eng ko‘rkam, eng obod hududlaridan biriga aylanadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari