Yangi agentlik vazifalari belgilab berildi
Mamlakatimiz aholisining 54 foizini bolalar va 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi.
Mamlakatimiz aholisining 54 foizini bolalar va 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi. Xalqaro tashkilotlar, xorijiy ekspertlarning tadqiqot va prognozlariga koʻra, 2048-yilga borib hozir yoshlar qatlamiga mansub fuqarolar ulgʻayib, Oʻzbekiston aholisining eng katta qismi sifatida mehnat bozoriga kirib boradi.
Bugun yoshlar taʼlim-tarbiyasiga kiritilgan sarmoya mamlakatga demografik “dividend” sifatida qaytishi uchun uzoqni koʻzlagan, chuqur oʻylangan yoshlar siyosatini amalga oshirish talab etiladi.
Prezidentimizning 2020-yil 30-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. Agentlik yoshlarga oid davlat siyosatini yuritadigan davlat organi sifatida ular manfaatlarini himoya qilish, hukumat, vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan qabul qilinayotgan qaror, dastur va loyihalarda yoshlar manfaatlarini aks ettirish, nodavlat notijorat tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Agentlik yoshlar siyosatining 5 yillik strategiyasini, shuningdek, ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini baholash indikatorlarini ishlab chiqib, hududlarda, turli sohalar kesimida yoshlarning huquq va manfaatlari taʼminlanishi darajasini monitoring qilib boradi, tahlil qiladi hamda hukumatga taklif va tavsiyalar kiritadi.
Yoshlar hayotiga oid dolzarb masalalarni ularning ishtiroki bilan hal qilinishini taʼminlash, yoshlar siyosati sohasidagi yangiliklardan ularning barcha qatlamlarini xabardor qilish, normativ-huquqiy hujjatlarning yaxlit elektron bazasini yaratish maqsadida Oʻzbekiston yoshlari portali ishga tushiriladi.
Shu bilan birga Agentlik nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida maktab oʻquvchilarining ishtiroki bilan bogʻliq moliyaviy xarajatlarni amalga oshiradi. Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash ishlarini tizimli tashkil etib, nodavlat notijorat tashkilotlarga grant mablagʻlari ajratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va uning muassisligidagi qator NNT jumladan, “Kamalak” bolalar tashkiloti, Respublika yosh ijodkorlar kengashi, Yosh olimlar kengashi, Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar markazi, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatish markazi, Yosh huquqshunoslar kengashi, Yosh fermerlar kengashi va boshqalar Agentlikning uslubiy va moddiy koʻmagi bilan yigit-qizlarning isteʼdodini rivojlantirish, liderlik koʻnikmalari, huquqiy savodxonligini oshirish kabi oʻzlarining dasturiy yoʻnalishlarida turli loyhalar tashkil etish orqali faoliyatini davom ettiradi.
Dilnozaxon KATTAXONOVA,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
markaziy kengashi raisi oʻrinbosari,
“Kamalak” bolalar tashkiloti raisi.