O‘zbekistondagi Yandex dasturlash maktabida ilk bitiruv oqshomi bo‘lib o‘tdi. Uning o‘quvchilari bir yil davomida Python tilida sanoat dasturlashni bepul o‘rgandi. Kompaniya vakillari bitiruvchilarni tabrikladi va ularga kelgusida muvaffaqiyatlar tiladi.
Yandex dasturlash maktabi STEM-ta’limdan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompaniya dasturining bir qismi hisoblanadi. Ilk maktab o‘tgan yili Toshkentda ochilgan bo‘lib, yaqin kunlarda Samarqand va Urganchda yana ikkita maktabni ishga tushirish rejalashtirilgan.
– Dasturlash maktabidagi ta’lim o‘quvchilarga nafaqat dasturlashni o‘zlashtirish, balki tanqidiy fikrlashni ham rivojlantirishga yordam beradi. Ular jamoa bo‘lib ishlagan holda vazifalarni yechishning turli xil usullarini topishni o‘rganadi. Ushbu ko‘nikmalar IT-sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun asos bo‘ladi. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan yigitlarni tabriklayotganimdan juda xursandman, – deydi Yandex Go kompaniyasining O‘zbekistondagi mintaqaviy menejeri Yuriy Li.
Yandex IT-ta’lim dasturi doirasida informatika o‘qituvchilari uchun dasturlash bo‘yicha kurslar ham yo‘lga qo‘yilib, ular uchun Python bo‘yicha metodik materiallardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga joriy yilda kompaniya stajirovka uchun yosh IT-mutaxassislarini qabul qilishni boshlaydi, bu Yandex uchun ham, butun O‘zbekiston IT-sohasi uchun ham kadrlar zaxirasini shakllantirish imkonini beradi.
Dasturlash maktabi – dasturlash va aniq fanlarga qiziqadigan yuqori sinf o‘quvchilari uchun Yandex taqdim etadigan bepul ta’lim loyihasidir. O‘zbekistonda loyiha Yandex Go kompaniyasi ko‘magida amalga oshirildi. Bitiruvchilar Google, Facebook va Huawei kabi IT-kompaniyalari o‘tkazadigan yirik xalqaro xakaton va olimpiadalarda ishtirok etadi, WorldSkills Junoirsda muvaffaqiyatli qatnashib, ixtisoslashtirilgan, jumladan xorijdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Roman Bondarchuk tayyorladi, O‘zA muxbiri