O‘zA korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidagi maqolalar turkumini davom ettiradi.
Toshkent o‘tgan asrning 20-30 yillari – qahatchilik davrida non shahri, deb atalgan, Ikkinchi jahon urushi zamonida Jasorat va matonat shahri sifatida nom qozongan, 1966 yil, zilziladan so‘ng esa “Xalqlar do‘stligi shahri” maqomini olgan. O‘zbekistonning bosh kenti yaqinda yana bir ibratli sifatga ega bo‘ldi. Ya’ni, Yangi Toshkent – halollik, pok amal va ezgu niyatlar shahriga aylandi.
Ma’lumki, poytaxtimizning “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazida yer yuzi xalqlarining korrupsiyaga qarshi kurashi ramzi – kafti ochiq qo‘l shaklidagi monument o‘rnatildi. Yorug‘ rangli metalldan ishlangan ushbu o‘n ikki metrlik majmua ushbu yoqimsiz illatga nisbatan mutlaq toqatsizlikni ifodalab, dunyo ahlini shu yo‘lda birlashishga chorlab turibdi.
Dunyo korrupsiyadan eng kam ziyon ko‘rayotgan 6 davlati bilan faxrlansa arziydi: Daniya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Singapur va Shvetsiya. Korrupsiya eng avj olgan, chuqur tomir otgan yurtlar qatorida esa birinchi navbatda Somali tilga olinadi. Ushbu davlatda ibtidoiy munosabat – tanish-bilish, qabilachilik, pora oldi-berdi odatiy hol. Somali korrupsiya reytingining eng so‘nggi 180-o‘rnida. Suriya Arab Respublikasi, Janubiy Sudan va Venesuela ham mazkur ro‘yxatning eng quyi qismidan joy olgan.
Ko‘pchilikni ayrim savollar qiziqtiradi: Taraqqiy etgan, aholisining turmush darajasi yuqori Amerika Qo‘shma Shtatlari yoki Yevropa davlatlarida korrupsiya darajasi qanday? Aholisi eng ko‘p Hindistonda-chi? Korrupsiya uchun o‘lim jazosi ham berilayotgan Xitoyda-chi?
Korrupsiya darajasi pastligi bo‘yicha jahon reytingida Xitoy 65-o‘rinda, Hindiston 40-pog‘onada, AQSH 24 va Fransiya 21-o‘rinni band qilgan. Rossiya Federatsiyasi esa bu reytingdagi 139-mamlakat hisoblanadi.
Afsuski, Markaziy Osiyo davlatlari ko‘rsatkichi ham kishini yaxshigina tashvishlantiradi: Qozog‘iston – 103-o‘rin, O‘zbekiston – 129-o‘rin, Qirg‘iziston 140-o‘rin, Tojikiston – 156-o‘rin, Turkmaniston – 170-o‘rin.
Qiyosiy raqamlardan biroz chekinib, iqtisodchi mutaxassislar fikri, tahliliga e’tibor qaratamiz. Korrupsiyaga barham bergan mamlakat yoki jamoaning daromadi bir emas, 4 barobar, ha-ha, 400 foiz ortadi. Biznes tez rivojlanib, to‘g‘ri va odil bozor iqtisodiyoti shakllanadi. Eng muhimi, bolalar o‘limi keskin kamayadi, aholining jamiyat muhofazasidagi qismi, keksalar umri uzayadi. Bu raqamlar sohaning yirik mutaxassislari muayyan mamlakatlar misolida chiqargan xulosa. Korrupsiya kasalligiga chalingan davlatlarning barchasida ahvol shunday: kimdir biznes niqobi ostida to‘g‘ri-noto‘g‘ri yo‘l bilan mol-dunyo yig‘moqda, yana birov “haybarakalla”chilik bilan mashg‘ul, xalq esa, ayniqsa. qashshoq-kambag‘al toifa bu illatning azobini tortmoqda.
So‘nggi so‘z o‘rnida: Korrupsiya tushunchasi lotincha “corruptio” – ikki so‘zdan iborat: “cor” (yurak, qalb, ko‘ngil, ruh, aql, xotira, idrok) va “ruptum” (buzish, yemirish, sindirish, yo‘q qilish) ma’noni bildiradi. So‘z, atamaning asl ma’nosidan kelib chiqsak, korrupsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad amali, jumladan egallab turgan lavozimidan foydalanib, shaxsiy manfaatini amalga oshirish, boylik orttirish, jamiyat, inson manfaatini sotish demakdir.
I.Abduxoliqov, O‘zA