Yana kelar sen kutgan bahor!
Ushbu shoirona so‘zlar taniqli shoir, samimiy ijodkor, ustoz Sa’dulla Hakimov qalamiga mansub she’rdan olingan. O‘lkamizda esa biz kutgan ko‘klam nafasi kezib yuribdi. Shunday palla Jizzax sari otlandik.
...Manzil sari yaqinlashganimiz sayin suhbatimiz qizib borardi. Keng dalalar, yam-yashil tusga kira boshlagan tabiatni aytmaysizmi. O‘zida bahorning butun tarovatini mujassam etgan Forish tog‘lari qadim tarix, asrlar silsilasidan so‘zlardi go‘yo.
– Forishga qadamimiz qutlug‘ keldi. Obi rahmat yog‘moqda. Forishning tanti, mehnatkash xalqi uchun hozirgi daqiqalarda bundan zo‘r tuhfa yo‘q, – deya gap boshladi hamrohlarimizdan biri – “Xalq so‘zi” gazetasi Bosh muharrir o‘rinbosari Shuhrat Jabborov. – Ana bu tog‘lar qo‘ynida o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilarni ko‘rayapsizmi, agar mana shu yomg‘ir bo‘lmasa ularga yemish qayda. Baribir yam-yashil dalalarga nima yetsin-a? Mana, Sa’dullajon qayerdan ilhom olgan, manbayi qayerda, siri nimada?
Shu kabi gangur-gungur bilan Forish markaziga qanday yetib kelganimizni ham bilmay qoldik. Bu yerdagi madaniyat uyida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va uning viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Jizzax viloyati, Forish tumani, tuman xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli jurnalist va shoir Sa’dulla Hakimov tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Vatandan yaralgan - vatandan ketmas!” mavzuida adabiy-badiiy xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda S. Hakimov bilan bir ishlagan do‘stlari, shogirdlari, taniqli jurnalistlar, shoir-yozuvchilar, Jizzax viloyati va Forish tumani hokimliklari mas’ullari, shoirning oila a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kechani Forish tumani hokimi I.Matiyev kirish so‘zi bilan ochar ekan, mehmonlarni qadim va navqiron Forishda ko‘rib turganidan ma’mnunligi, taniqli shoirning xotirasi nafaqat respublikada, balki ushbu tuman, u tug‘ilib o‘sgan Garasha xalqi yodida ham uzoq yillar saqlanishi, shoirdan qolgan turkum she’rlar, kitoblar esa yosh avlod tomonidan sevib mutolaa qilinishi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari X. Salimov, «Xalq so‘zi» gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Sh. Jabborov, shoirning rafiqasi, farzandlari, shogirdlari, hamqishloqlari shoir bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
– O‘tgan og‘ir yil turmush o‘rtog‘im shoir Sa’dulla Hakimni olib ketdi. Kutilmaganda, qo‘qqisdan bir zarb bilan yiqitilgan chinordek qulatdi… Shunday, u kishi hayotining oxirgi kunlarida ham ijod qilishdan, shogirdlariga maslahat berishdan, do‘stlarini ruhlantirishdan to‘xtamadi. Biz bu inson bilan ellik yil birga umrguzaronlik qildik, besh farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik, qanchadan-qancha orzu-havaslarimiz ushaldi, – deydi shoirning rafiqasi, joriy yilda davlatimiz rahbari tomonidan «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan Saltanat Hakimova. – Sa’dulla aka umrlarining so‘nggi yillarida yurtimiz ravnaqidan, ijodkorlar va jurnalistlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan nihoyatda ruhlanib, yuz berayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga shogirdlarini kamarbasta bo‘lishga da’vat qilib yashadi. U kishi yurtning orini, nomusini yuksak tutar, so‘zning kuchini va ijodkor mas’uliyatini chuqur anglar edi. Qolaversa, jurnalist sifatida ham sohaning barcha mashaqqatlarini totib ko‘rgan, kasbining fidoyisi bo‘lgan insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlar, qadrlar edi.
Haq gap. Xalqimizning ardoqli farzandi Sa’dulla Hakimov ham beqiyos iste’dodi, jurnalistik salohiyati, davlat va jamoat hayotidagi rahbarlik faoliyati bilan umri bardavom ijodkorga aylangan edi. Garchand bugun ular oramizda bo‘lmasada, ulardan qolgan ijodiy me’ros, turkum maqolalar, ko‘plab kitoblar biz bilan yashamoqda. Demak, shoir ham o‘tli nafasi bilan yonimizda.
Tadbirda forishlik yoshlar S. Hakimov qalamiga mansub she’rlardan namunalar o‘qigan bo‘lsa, jizzaxlik san’atkorlar shoir she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlardan kuyladi.
Taniqli jurnalist va shoir, mehribon ustoz, samimiy va kamtar inson Sa’dulla Hakimovning yorqin xotirasi qalblarda mangu yashaydi.
Islom ASILBEKOV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi.