Yana bir yo‘llanma qo‘lga kiritildi
Meksikaning Mexiko shahrida taekvondo (WTF) bo‘yicha Gran-pri turnirining hal qiluvchi final musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Meksikaning Mexiko shahrida taekvondo (WTF) bo‘yicha Gran-pri turnirining hal qiluvchi final musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning yetakchi taekvondochilari 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kurash olib bordi.O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasidan ma’lum qilinishicha, ushbu musobaqa 2015-yilda o‘tkazilgan Gran-pri turnirlarining yakuniy bosqichi bo‘lib, unda o‘z vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘lgan sportchiga 80 reyting ochkosi berildi. Bu sportchilarga reyting jadvalidagi mavqeini yanada yaxshilash va har bir vaznda Olimpiada yo‘llanmasi beriladigan kuchli oltilikka kirishi uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Nufuzli turnirda terma jamoamiz a’zolaridan jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori Dmitriy Shokin va jahon chempionati sovrindori, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Jasur Boyqo‘ziyev vazni 80 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etdi.
Musobaqada Jasur Boyqo‘ziyev bronza medalni qo‘lga kiritib, eng og‘ir vazndagi sportchilarning reyting jadvalida Dmitriy Shokindan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Dmitriy esa musobaqada sovrinli o‘rin egallamagan bo‘lsa-da, reytingdagi peshqadamligini saqlab qoldi.
Qoidaga ko‘ra, har bir vazn toifasida bir davlatdan faqatgina bir sportchi Olimpiadada qatnashish imkoniga ega bo‘ladi. Sportchilarimizning qaysi biri Braziliyaga borishi O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi tomonidan e’lon qilinadi.