Yana bir jinoiy guruh qo‘lga olindi
Buxoroda chorva mollarini o‘g‘irlashni o‘ziga kasb qilib olgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro shahar “Alpomish” ko‘chasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Sh. va Qorovulbozor tumani Tinchlik mahallasida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan fuqaro Q.M. ismli shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib Buxoro shahri hamda viloyatning boshqa tumanlarida chorva mollarini o‘g‘irlab kelayotganligi aniqlangan.
Ushbu jinoiy guruh a’zolari bilan olib borilgan surishtiruv va tergov harakatlari davomida Buxoro shahrida sodir etilgan yana bir jinoyat fosh etildi. 2022 yilning 4 noyabr kunidan 5 noyabr kuniga o‘tar kechasi Buxoro shahar “Kaltarabod” aholi punktida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro M.S. ning yashash xonadoni orqa tomonida joylashgan, atrofi yog‘och to‘siqlar bilan o‘rab olingan qo‘yxonasidan bahosi 10 million so‘mga teng besh bosh qo‘ylar ham aynan shu jinoiy guruh tomonidan o‘g‘irlab ketilganligi aniqlandi va ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Ushbu jinoiy guruhga nisbatan qo‘shimcha ayblov e’lon qilinib, ular tomonidan viloyatning boshqa hududlari va qo‘shni viloyatlarda sodir etilib, fosh etilmasdan qolayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasidagi tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA