Yana bir bog‘cha ishga tushdi
Buxoro viloyati Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholining talab va murojaatlaridan kelib chiqqan holda o‘tgan yili Bunyodkor qishlog‘ida istiqomat qiluvchi ota-onalar farzandlari uchun zamonaviy andozada yangi barpo qilingan 530 o‘rinli 46-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘z faoliyatini boshlagan edi.
Bugunga kelib esa shu qishloqda yashovchilarning ko‘p yillik yana bir orzusi – maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib bitkazilgani ko‘plarni xursand qilmoqda. Viloyat prokuraturasi va tuman hokimligining amaliy yordami tufayli 43-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining filiali tashkil etildi.
Shu munosabat bilan tashkillashtirilgan tadbirda viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi mas’ullar, sektorlar rahbarlari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, mahalla faollari ishtirok etdi. Marosimda so‘z olganlar zamon talablari darajasidagi shunday maktabgacha ta’lim tashkiloti jajji bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishida keng imkoniyatlar yaratib berishi, malakali kadrlar esa barkamol avlodni tarbiyalashda o‘z munosib hissasani qo‘shishiga ishonch bildirdi.
[gallery-17147]
–Mahallamiz husniga ko‘rk bag‘ishlayotgan 46-sonli umumta’lim maktabi ayni kunda 130 nafar bunyodkorlik o‘quvchini o‘z bag‘riga olgan bo‘lsa, orziqib kutilgan yangi va shinam bog‘cha qishloq bolalarining sevimli maskaniga aylanmoqda, –deydi “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rahim Jumayev. –Bunyodkorliklarning murojaati yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan 500 million so‘m mablag‘ hisobiga 46-sonli maktabimizda 50 o‘rinli 43-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining filiali tashkil etildi. Buning uchun xayrli ishga bosh qo‘shgan barchaga samimiy minnatdorligimizni yetkazamiz.
Shundan so‘ng, maktabgacha ta’lim tashkilotining ramziy alvon lentasi qirqildi. Mehmonlar bog‘chada ertamiz egalari uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi. Shinam binoda yotoqxona, oshxona, o‘yin va mashg‘ulotlar xonalari, sanitariya va issiqlik tizimi tarmoqlari shay qilingani, ayniqsa, ota-onalarni xursand qildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari