-
Xusiylar va AQSH o‘rtasidagi zo‘ravonlik tahlili
Yaman xusiylari va AQSH o‘rtasidagi qarama-qarshilik tufayli dunyoning eng muhim yuk tashish yo‘llaridan biri yaqinida yangi inqiroz yuzaga kelmoqda.
Ushbu arab davlati matbuoti yozishicha, shanba oqshomi Yamanda AQSH hujumi natijasida 100 dan ko‘p odam halok bo‘lgan va yaralangan.
Yakshanba kuni kechqurun xusiylar Amerika harbiy kemasiga javob zarbasi berilganini e’lon qilishdi. Shundan so‘ng Yaman yana bombardimon qilindi.
Bu bema’nilik sababi nimada? Kim boshladi bu mojaroni? Maqsad nima?
Qo‘shma Shtatlar xusiy yetakchilar nishonga olinganini da’vo qilib, hududni ketma-ket to‘pga tutyapti. Natijada 53 kishi, jumladan bolalar hayotdan ko‘z yumdi. 100 ga yaqin odam yaralangan.
Xusiylar nazoratidagi poytaxt Sana va shu yaqin atrofidagi manzillar, shuningdek shimoliy Sa’da viloyati va Hudayda portiga zarba berildi.
– Hujum faollarga qaratilgani aniq va bu yo‘lda begunoh aholi nishon bo‘layotganiga ahamiyat berilmayotganga o‘xshaydi, – deydi mustaqil tahlilchi Nik Brumfild “Al-Jazira”ga. – Sanada ko‘plab xusiy yetakchilari yashaydigan turar-joylar nishonga olindi.
AQSH nima xohlaydi?
AQSH xusiylar to‘xtamaguncha, Yaman bombardimon qilinishini aytmoqda, Prezident Donald Tramp xusiylar “bizning qo‘shinimiz va ittifoqchilarimizni nishonga olishmoqda” degan. Amerika rahbari va mudofaa vaziri Pit Xegset xusiylar harakati ortida Eron turgani, bu haqda “ma’lumot borligi”ni aytdi. Davlat kotibi Marko Rubio Yamanga hujum rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan ham muvofiqlashtirganini qo‘shimcha qildi.
Xusiylar zarba berdimi?
Xusiylar AQSHning “USS Harry S Truman” aviatashuvchisi va boshqa harbiy kemalariga uyushtirilgan ikki hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olgan. Amerika tomoni bu borada hech qanday izoh bermadi. Rasmiylar Eron Qizil dengizdagi xusiy faoliyatini faol qo‘llab-quvvatlamoqda, deya takrorlab keladi.
Ayrimlar bu guruh Eronning ishonchli vakili ekanini ta’kidlaydi. Ko‘plab ekspertlar, tahlil markazlari, masalan “Brookings” va Tashqi aloqalar kengashi (CFR) ularni hamkor sifatida ko‘radi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy esa AQSH hukumati “Eron tashqi siyosati bo‘yicha ko‘rsatma berish vakolati yoki huquqiga ega emas”ligini uqtiradi.
– Isroil genotsidi va terrorizmini qo‘llab-quvvatlamang! – deb yozdi u yakshanba kuni ijtimoiy tarmoq orqali. – Yamanliklarni o‘ldirishni to‘xtating!
Inqiroz qanday boshlandi?
2 mart kuni Isroil oziq-ovqat va dori-darmonga muhtoj G‘azoga ko‘mak yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Besh kundan keyin xusiylar yetakchisi Abdulmalak Al-Xusiy to‘rt kunlik muddat belgiladi: agar Isroil o‘tish joylarini ochib, gumanitar yordam olib o‘tishga ruxsat bermasa, xusiylar Bob Al-Mandib bo‘g‘ozi orqali Suvaysh kanaliga o‘tayotgan Isroil bilan bog‘liq kemalarga hujumni davom ettiradi.
11 mart kuni guruh matbuot kotibi Yahyo Sariy Qizil va Arab dengizlari hamda bo‘g‘ozda amaliyot tiklanganini ma’lum qildi.
2023 yil noyabr oyidan beri xusiylar G‘azodagi urushni tugatish uchun bosim o‘tkazish maqsadida Isroilga aloqador kemalarga hujum qilmoqda.
19 yanvar kuni G‘azoda sulh e’lon qilingach, xusiylar kelishuvga amal qilib, hujumlarni to‘xtatdi.
4 mart kuni Tramp ma’muriyati xusiylarga nisbatan, 4 yil oldin Jo Bayden bekor qilgan “xorijiy terro tashkilot” (FTO) maqomini qayta tikladi.
Xusiylar hujumi hozirgacha qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Qizil dengiz orqali global suv yo‘li savdosining qariyb 15 foizi o‘tadi. Xusiylar hujumi tufayli juda ko‘p tadbirkorlar Afrika janubiy qirg‘og‘i bo‘ylab ancha uzoq va qimmat yo‘lni bosib o‘tishga majbur bo‘ldi. Natijada sug‘urta xarajati oshdi. Vaziyat butun dunyo bo‘ylab inflyatsiya darajasiga ta’sir ko‘rsatdi.
Xusiylar amaliyoti oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgani, bir odam yaralangani aytiladi. Ya’ni, ularning aksariyat hujumi qurbonsiz kechadi.
AQSH hujumi xusiylarni qo‘rqita oladimi?
Xusiylar Oliy siyosiy kengashi AQSHning harakati ularni to‘xtata olmasligi, balki “vaziyat yanada jiddiy va dahshatli tus olishiga sabab bo‘lishi”ni bildirdi.
– Begunoh aholiga qarata uyushtirilgan hujum Amerika vaziyatga qarshi tura olmasligini ko‘rsatadi, – deyilgan bayonotda.
O‘tmishda Qizil dengizda olib borilgan xusiylar harakati va AQSHning Yamandagi qarshi hujumlari guruhning jangchi yollash qobiliyatini oshirgan.
Hozirgi amaliyot xusiylar ilgari duch kelgan hujumlardan ko‘ra kengroq miqyosda bo‘lishi mumkin, ammo ularda taslim bo‘lish alomati ko‘rinmayapti.
Xusiylar vakili Nasriddin Amir shunday deb yozgan:
– Bizning rejamiz aniq, talabimiz oddiy: G‘azo qamalini olib tashlash, hudud aholisini ochlikdan qutqarish.
Muharrama Pirmatova, O‘zA