Yakkabog‘da bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashining “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
– Yurtimizda keyingi yillarda ro‘y bergan islohotlar xalqimiz turmush tarzi, shaharu qishloqlarimiz qiyofasi, odamlar dunyoqarashi va yurt kelajagiga bo‘lgan ishonchi hamda e’tiborini tubdan o‘zgartirib yubordi, – deydi partiyaning viloyat Kengashi raisi Shuhrat Aslanov. – Mamlakatda kechayotgan demokratik islohotlarda partiyamizning ham o‘ziga xos hissasi bor. Biz siyosiy kuch sifatida dastlab tadbirkorlar va ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsak, bugungi kunga kelib yoshlar, xotin-qizlar va aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ham qo‘llab-quvvatlashni o‘z zimmamizga olganmiz.

Targ‘ibot tadbirida partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlari, partiya faollari, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi. “Birgalikda biz – kuchmiz”, “O‘zbekiston: birgalikda yuksalish sari!”, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” kabi shiorlar baralla yangrab turdi.
Tadbir davomida tumandagi faol fermerlar, tadbirkor, o‘qituvchi, sportchi hamda ziyolilar yurt istiqboli, erishilayotgan natijalar, kelajakdagi maqsadlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

San’atkorlar, viloyat teatri, shahar va tuman badiiy havaskorlik ansambllari ijodkorlarining chiqishlari barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA