Yagona til me’yorlariga amal qilish yuzasidan tavsiyalar berildi
Davlat tilining nufuzini yuksaltirish, rasmiy ish yuritishda adabiy til me’yorlariga qat’iy rioya etish hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish jarayoni bugun har bir davlat tashkiloti faoliyatining muhim mezoniga aylanmoqda. Zomin tumanida olib borilayotgan navbatdagi o‘rganishlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, davlat organlari hamda tashkilotlarida ish yuritishni davlat tilida amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilab bergan muhim hujjatdir. Qonun talablarining hayotga to‘liq tatbiq etilishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “ Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Jizzax viloyati hokimi raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni hamda Zomin tumani hokimining 2026-yil 2-iyundagi yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar asosida tumandagi korxona, tashkilot, idora va muassasalarda davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini o‘rganish ishlari tashkil etildi.

Shuningdek, Zomin tumani prokurorining 2026-yil 3-iyundagi reja-topshirig‘iga muvofiq Jizzax viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining Zomin tuman bo‘limida ham atroflicha o‘rganish o‘tkazildi.
Tuman hokimining maslahatchisi X.Siddiqov hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Jizzax viloyati Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi katta o‘qituvchisi O.Mamirov ishtirokida olib borilgan tahlillar davomida muassasaning rasmiy hujjatlari, buyruqlari, xizmat yozishmalari va tashqi axborot vositalaridagi yozuvlar davlat tilining imlo qoidalari hamda uslubiy talablari nuqtai nazaridan ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar jarayonida davlat tilidan foydalanish madaniyatini yanada yuksaltirish, rasmiy matnlarda aniqlik va savodxonlikni ta’minlash, tashqi yozuvlarda yagona til me’yorlariga amal qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Ayni paytda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-sentabrdagi bayoni ijrosi doirasida tashkilot xodimlari ishtirokida “Ommaviy diktant” tadbiri ham o‘tkazildi. Mazkur tashabbus davlat tilida yozish madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning savodxonlik darajasini oshirish va rasmiy hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Zero, davlat tiliga bo‘lgan hurmat — milliy o‘zlikka hurmat demakdir. Qonun talablariga og‘ishmay amal qilish, davlat tilining jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash va uning sofligini asrash har bir rahbar va xodimning muhim fuqarolik burchidir. Bu yo‘lda amalga oshirilayotgan har bir tashabbus milliy ma’naviyatimiz ko‘zgusi bo‘lgan ona tilimiz ravnaqiga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri