Joriy yilning 17 martidan boshlab Yagona elektron hujjat aylanishi va hisobot tizimi – YeSEDO (edocs.fondbozori.uz) test rejimida ishga tushiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligidan ma’lum qilishlaricha, endilikda investitsiya vositachilari uyushmagan birjadan tashqari qimmatli qog‘ozlar bozorida birjadan tashqari bitimlarning hisob registirini to‘liq elektron shaklda yuritishi va uni avtomatik tarzda qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi vakolatli organga yuborishlari mumkin.
Birjadan tashqari bitimlarga oid ma’lumotlardan tashqari, shuningdek, shubhali operatsiyalar, korxonaning malakali xodimlari, investitsiya vositachilarining shaxsiy mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda investitsiya aktivlarini ishonchli boshqarish va qimmatli qog‘ozlar chiqarilishining 15 va undan ortiq foizini tashkil etadigan bir martalik bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi (birjadan tashqari bozor) ma’lumotlarni ham elektron shaklda taqdim etish mumkin bo‘ladi. Barcha hisobot turlari investitsiya vositachilarining rahbarlari tomonidan elektron raqamli imzo (ERI) yordamida imzolangan bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Yagona elektron hujjat aylanishi va hisobot tizimi to‘liq ishga tushirilganidan so‘ng taqdim etilgan hisobotning aniqligi, o‘z vaqtida berilishi va to‘liqligi bo‘yicha barcha javobgarlik investitsiya vositachilariga yuklanadi, deb ogohlantiradi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA