Kuni kecha AQSH B61 yadroviy bombasi takomillashtirilishini e’lon qildi. Bu qaror Yadro qurollarini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro kompaniya – ICAN tomonidan qattiq qoralanmoqda.
– AQSHning B61 yadroviy bombani modernizatsiya qilish haqidagi qarori keskinlikka qaratilgan mas’uliyatsiz harakat, – deyiladi mazkur tashkilot tarqatgan matbuot xabarnomasida. – Bu ish ayniqsa Yevropa va Yaqin Sharqda davom etayotgan qurolli mojaro sharoitida yana ham xavotirli.
Pentagon yaqinda AQSH ixtiyoridagi yadro quroli sonini o‘zgartirmasdan, B61 atom bombasini B61-13 variantiga o‘zgartirishi ma’lum bo‘ldi. V61-7 zaxirasining bir qismini almashtiradigan bu yangi bombalar yuqori darajali xavfsizlik va aniqlik ko‘rsatkichini saqlagan holda, bugungi kunda eng zamonaviy hisoblangan V61-12 modifikatsiyasidek quvvatga ega bo‘lishi lozim, deyiladi bayonotda.
– Bu yadro quroli yangi poygasini qo‘zg‘ashi mumkin bo‘lgan, mas’uliyatsizlik bilan amalga oshirilayotgan harakat, – dedi ICAN rahbari Melissa Park. – Ushbu qarori bilan AQSH yadro quroliga ega boshqa mamlakatlarni ham tegishli zaxirani mustahkamlashga undamoqda. Biz Vashingtonni ushbu qurolllanish dasturini bekor qilish va buning o‘rniga yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha shartnomada ko‘zda tutilgan majburiyatini bajarish, yadroviy qurolsizlanishga erishish uchun muzokaraga qo‘shilishga chaqiramiz.
Park qo‘shimcha qilishicha, bunday qurolni qo‘llash oddiy aholi qirilishi, o‘ta muhim infratuzilma vayron qilinishiga olib keladigan harbiy jinoyat hisoblanadi.
– Yevropa va Yaqin Sharqda yadro quroliga ega davlatlar ishtirokida kechayotgan qurolli nizo avjiga chiqqan bir paytda, bunday reja e’lon qilinishi mavjud xavfni oshiradi, – deya ta’kidladi u. – Shuningdek, ommaviy qirg‘in quroli hech qachan qo‘llanmasligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatga zid buzg‘unchi munosabatni aks ettiradi.
ICAN avval ham AQSH va G‘arb mamlakatlarini yadro quroliga xarajatni oshirgani uchun tanqid qilgan edi. Masalan, tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yadro quroliga sarflanayotgan xarajat 2022 yil 82,9 milliard dollarga yetgan. Bu borada Qo‘shma Shtatlar sarflagan mablag‘ qolgan barcha yadro quroliga ega davlatlar jami xarajatidan ham oshib ketgan. ICAN siyosati va tadqiqoti muvofiqlashtiruvchisi Alisiya Sanders-Zakre ta’kidlashicha, AQSH yadro quroliga sarflayotgan xarajat “dahshatli darajada”.
AQSH o‘z yadro qurolini to‘liq yangilash arafasida turibdi. Qolaversa, 150 jangovar kallakni hech qanday bayonot e’lon qilmay, Yevropaning besh mamlakatiga yashirin tarzda joylashtirdi. Zakre aytishicha, doim boshqa yadroviy davlatlarni shaffoflikka chaqirib keladigan G‘arb ayni harakati bilan yadro quroli masalasida ikkiyuzlamachilik qilmoqda. NATOning besh mamlakati kelishuvga nisbatan shaffoflikni ta’minlash o‘rniga, uchuvchilarini o‘z hududiga o‘rnatilgan AQSH yadro qurolidan foydalanish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazmoqda.
O‘tgan yil Tinchlik mammolarini o‘rganuvchi Stokgolm xalqaro instituti (SIPRI) Yadro qurolidan foydalanish xavfi sovuq urush tamom bo‘lgandan buyon eng yuqori cho‘qqiga chiqdi, degan to‘xtamga keldi. Muassasa tahlilchilari fikricha, harbiy strategiyada yadro qurolining ahamiyati oshgan, yadro klubiga kiruvchi mamtlakatlar aksariyati ushbu mavzuni keskinlashtiryapti.
Ma’lumki, BMT huzuridagi Qurolsizlanish bo‘yicha qo‘mita 1968 yil Yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha shartnoma ishlab chiqqan. Hujjatni imzolaganlar ro‘yxati boshida yadro quroliga ega davlatlar qayd etilgan.
Bugungi kunda AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va KXDR yadro klubiga a’zo hisoblanadi. 1967 yilgacha yadro quroliga ega besh davlat qatoriga keyin yana to‘rt mamlakat qo‘shilgan.
Yadro klubiga kiruvchi davlatlardan tashqari, o‘z hududiga yadro qurolini joylashtirgan yurtlar ham bor. Masalan, NATOga a’zo Belgiya, Germaniya, Иtaлия, Niderlandiya va Тuркияда AQSHning 200 taga yaqin B61 termoyadro aviabombasi borligi aytiladi.
1967 yildan keyin yadro klubiga kirgan mamlakatlarda atom bombasi soni ko‘p emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Isroilda 90 ta, Pokistonda 165 ta, Hindistonda 160 ta, Shimoliy Koreyada 20 ta shunday qurol mavjud.
Tarixan, Yadro klubi nafaqat kengaygani, balki qisqarganini ham kuzatish mumkin. Masalan, 1979 yil Janubiy Afrika Respublikasi ilk bor yadro sinovini amalga oshirdi va shunday qurolga ega yangi davlatga aylandi. Mamlakatda aviatsiya yordamida qo‘llanadigan oltita jangovar kallak tayyorlandi va qit’alararo ballistik raketa yaratish ustida ish olib borildi. Ayrim ma’lumotlarda ushbu zaryadning quvvati 20 kilotonnadan oshmasligi keltiriladi. 1989 yil ushbu mamlakatda yadro qurolini yaratish dasturi yopildi, tayyorlangan bombalar yo‘q qilindi. Bu faktni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik – MAGATE tasdiqladi.
Xullas, JAR yadro qurolidan ixtiyoriy voz kechgan dunyodagi birinchi davlat hisoblanadi. Jahon hamjamiyati esa sayyoramiz yadro qurolidan butunlay xalos bo‘lishini istab, yadro klubiga kiruvchi boshqa mamlakatlar ham shunday qilishini kutmoqda.
Saidmurod Rahimov,
O‘zA sharhlovchisi