Shimoliy Koreyaning raketa sinovi Janubiy Koreyaga o‘zining yadro qurolini yaratish uchun sabab bo‘lishi mumkin, deydi 19FortyFive nashri sharhlovchisi Robert Kelli.
Uning fikricha, Seul yadro dasturini rivojlantirishga sabab bo‘ladigan ikkita muhim dalilni keltirishi mumkin.
Birinchisi — Pxenyanda AQSH hududiga yetib bora oladigan ballistik raketaning paydo bo‘lishi tufayli Vashingtonga bo‘lgan ishonchning kamayishi.
Ikkinchisi — Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya o‘rtasida xavfsizlikni ta’minlash siyosatidagi turlicha qarashlar: Seul uchun Pxenyanga kelgusida ham qarshi tura olishi va Pekin bilan savdo-sotiqni davom ettirish muhim.
Vashingtondagilar esa e’tiborni buyuk mamlakatlar raqobatiga qaratgan, deydi muallif.
Kellining ta’kidlashicha, Janubiy Koreyaning yadroviy mamlakat maqomiga ega bo‘lishi “Amerika bilan ziddiyatli qarashlarga barham berish yo‘li” bo‘lishi mumkin, shu bilan birga, KXDR, Xitoy va Yaponiyaning bu masalaga qanday munosabat bildirishidan xavotir olmoqda.
Bir davlatda atom bomba bo‘lishi unga qarshi mamlakatda mazkur qurolga ega bo‘lish zaruratini paydo qiladi. Masalan, sobiq ittifoq AQSHda atom bomba paydo bo‘lgani uchun o‘z atom bombasiga ega bo‘ldi, Hindistonga qarshi Pokiston ham o‘z atom bombasini yaratdi.
Uning fikricha, Yaponiya yoki Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari Janubiy Koreyada yadro quroli paydo bo‘lganiga javoban o‘z yadro qurolini yaratishga kirishmasligi mumkin.
Lekin KXDR va Xitoy haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Sentyabr oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat sanksiyalar 100 yilga cho‘zilsa ham Shimol yadro qurolidan voz kechmaydi, deb bayonot bergandi.
Bundan tashqari, KXDR Oliy xalq yig‘ini “Yadro quroli bo‘yicha siyosat” deb nom berilgan dekret ham qabul qilgan. Bu Pxenyan uchun yadro quroliga ega bo‘lishni qonunlashtiradi, deydi muallif.
Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yel ta’kidlaganidek, "Shimoliy Koreya yadro quroli to‘g‘risidagi qonunni rasmiylashtirib, Janubiy Koreyaning mavjud bo‘lishi va rivojlanishini” xavf ostida qoldiradi.