Yadro fizikasi instituti 65 yoshda
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 65 yilligi munosabati bilan “Yadro energetikasi va yadroviy texnologiyalarning hozirgi zamondagi muammolari” mavzusida Xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Yadro fizikasi instituti respublikamizda va Markaziy Osiyo hududidagi eng yirik ilmiy tekshirish maskani hisoblanadi. Institutning ilmiy bo‘linmalari va tadqiqot yadro reaktori, siklotron, elektron tezlatgichi, gamma qurilmasi va neytron generatori kabi noyob ob’ektlari bazasida hozirgi zamon fan va texnikasining istiqbolli yo‘nalishlarini qamrab olgan xomashyo, buyum va asbob-uskunalar importi o‘rnini bosuvchi, jahon bozor talablariga javob beruvchi eksport mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan fundamental va amaliy izlanishlar olib boriladi.
Institut ishlanmalari respublikamizda hamda uning tashqarisida keng miqyosda o‘z tadbig‘ini topmoqda. Jumladan, tibbiyot sohasida import o‘rnini bosuvchi tashxis va davolash radioaktiv vositalarini ishlab chiqarish, tibbiyot ashyolari va farmatsevtika preparatlarni radiatsiyaviy zararsizlantirishni olib borish, turli kasalliklarda mikroelementlarning rolini aniqlashning analitik uslublarini qo‘llash yo‘lga qo‘yilgan. Institut o‘zining analitik xizmatlari hamda suv va havoni tozalash samarali tizimlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali atrof-muhitni himoya etishda faol ishtirok etib keladi. Institut tomonidan respublika tog‘-kon sanoati (NTMK, OTMK) uchun asosiy qazilmalar bilan bir qatorda nodir metallarni ajratib olish texnologiyalari ishlab chiqilgan.
[gallery-4763]
Konferensiyaning asosiy maqsadi fundamental va amaliy yadro fizikasining hozirgi zamondagi tendensiyalari, yadro energetikasi, yadro texnologiyalarini ishlab chiqish va qo‘llash, yadroviy tibbiyot sohalaridagi dunyo miqyosida erishilgan yutuqlar bilan keng ko‘lamda tanishish va xalqaro ilmiy aloqalarni yanada kengaytirish hisoblanadi.
Yurtimiz olimlari va mutaxassislarining yadro fizikasi, yadroviy texnologiyalar sohalaridagi ilmiy ishlari va ularning yuqori saviyasi chet el olimlarining e’tiborini jalb etmoqda. Shuningdek, konferensiyada olim va mutaxassislarining ilmiy izlanishlarda kooperatsiya masalasi ham muhokama qilinadi.
Konferensiya ishi 25 noyabrga qadar davom etadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA