2025 yil 3 oktyabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida atoqli fizik olim, akademik — Sodiq Azimovich Azimov tavalludining 110 yilligi munosabati bilan uning xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik lavhasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyati, institut olimlari, akademikning yaqinlari, shogirdlari, hamkasblari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Marosimni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik — Shavkat Ayupov ochib berar ekan, Sodiq Azimovning ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasi va yadro fizikasi rivojiga qo‘shgan xizmatlarini alohida ta’kidladi.
So‘zga chiqqanlar olimning hayoti va ilmiy faoliyati, shogirdlarga bo‘lgan mehribon munosabati, ilmiy izlanishlardagi fidokorligi haqida iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.
Lavhada akademik Azimovning portreti va qisqacha tarjimai holi aks etdi, uning yadro fizikasi sohasida yangi avlod olimlari uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Olimning ilmiy me’rosi haqida to‘xtalsak, u o‘z ilmiy izlanishlari davomida kosmik nurlar tarkibida mezonlarga daxlsiz elektron va fotonlar mavjudligini isbotlagan. U Pomir tog‘idagi (deniz sathidan 3900 metr balandlikda) stansiyada hamkasblari bilan birgalikda olib borgan tadqiqotlari orqali kosmik nurlar va yadrolarning o‘zaro ta’sirini o‘rgangan hamda elektron-yadro oqimlarini kashf etgan.
Shuningdek, o‘ta yuqori energiyali (10¹²–10¹³ eV) yadroviy jarayonlar o‘rganilgan tog‘ stansiyasining barpo etilishiga boshchilik qilgan.
Shu bilan birgalikda, akademik Azimov rahbarligida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida quyosh nuri energiyasidan foydalanish asosida o‘ta sof yarimo‘tkazgich materiallar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.

Aynan uning tashabbusi bilan 1987 yilda Parkent tumanida 1 megavatt quvvatga ega noyob quyosh pechi ishga tushirilgan.
Ta’kidlash joiz, mazkur yutuq nafaqat mamlakat, balki butun mintaqada yirik ilmiy-texnik voqea sifatida qayd etilgan.
Olimning shu kabi izlanishlari natijasida yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi va yuqori haroratli geliomaterialshunoslik sohalarida yirik ilmiy maktablar shakllangan.
Akademik — Sodiq Azimov o‘zining ilmiy izlanishlari, ilm-fanga sodiqligi va fidoyiligi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon ilm-faniga o‘ziga xos hissa qo‘shgan ulkan olim hisoblanadi.
Bugun uning shogirdlari va izdoshlari ilmiy an’analarni davom ettirmoqda.
M.Eshmirzayeva, M. Jumanova, O‘zA