Shu kunlarda mamlakatimiz sportchilari joriy yilning 16-27 iyul kunlari Germaniyaning Reyn-Rur shahrida o‘tadigan XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qilishga hozirlanmoqda.
Mazkur nufuzli musobaqada yurtimiz sportchilari kamondan otish, sport gimnastikasi, yengil atletika, suvga sakrash, dzyudo, badiiy gimnastika, eshkak eshish, suzish, stol tennisi, taekvondo WT va tennis bo‘yicha ishtirok etishi belgilangan.
Kuni kecha yozgi Universiada o‘yinlarida qatnashadigan dzyudochilar tarkibi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Abdukarim Tangriyev, Ulug‘bek Azizov, Aziz Toshmatov murabbiyligidagi 12 nafar dzyudochimiz Germaniya tatamilarida kechadigan bahslarda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Tarkibga yosh va iqtidorli dzyudochilar Anvarjon Ibrohimov, Mardon Ravshanov, Nodirbek Mavlonberdiyev, Nurbek Murtazoyev, Muhammadsodiq Sodiqov, Islombek Ravshanqulov, Laziza Haydarova, So‘g‘diyona Rafkatova, Shukurjon Aminova, Shirinjon Yuldosheva, Marjona Ko‘chimova va Irisxon Qurbonboyeva jalb etilgan.
Xuddi shuningdek, XXXII yozgi Universiada o‘yinlarida qatnashadigan yurtimiz yengil atletikachilari tarkibi ham e’lon qilindi.
Ushbu kompleks musobaqada yengil atletikachilarimizdan Jonbibi Hukmova, Sharifa Davronova, O‘g‘iloy Norboyeva, Nodir Norboyev, Ibrohim Mahkamov o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yili Xitoyning Chendu shahrida o‘tgan XXXI yozgi Universiada o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 8 ta kumush, 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, 119 ta davlat orasida 36-o‘rinni egallagandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA