Jizzax shahridagi “ASIA SSHOOL” nomli xususiy maktab o‘z faoliyatini 2018 yil 10 sentyabrda boshlagan.
Mamlakatimizning boshqa hududlarida xususiy maktablar sal avvalroq ish boshlagan bo‘lsada, lekin aytarli ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Bu tizim ta’lim muassasalarining ochilishi mustaqillikka erishganimizdan keyin amalga oshirila boshladi. Sobiq ittifoq davrida bunday maktablar bo‘lgandir, ammo qayerdadir borligini men eshitmagan ekanman. Lekin ko‘hna Turon zaminida XX asrning 1925-1930 yillariga qadar ham xususiy maktablar bo‘lganligi tarixiy manbalarda aytilgan.
Jizzax shahridagi, xalq tilida hali hamon “Madrasa” nomi bilan atalib kelinayotgan, ayni chog‘da muzey faoliyat olib borayotgan ana shu tarixiy obidaning bunyod etilishi XIX asr boshlariga borib taqaldi.O‘sha yillardagi xususiy ta’lim muassasasi, ya’ni madrasada talabalar tahsil olgan. O‘shandagi madrasalar bugungi oliygohlarimiz maqomiga qisman bo‘lsada to‘g‘ri kelgan. Xususiy oliygohi bo‘lgan shaharning bir nechta xususiy maktablari ham bo‘lganligi shubhasiz va bu haqida tarixda ham ko‘plab bitiklar mavjud.
Qarangki, oradan 100 yilcha vaqt o‘tib, Jizzax shahrida “ASIA SHOOL” (ya’ni “Osiyo maktabi”) nomi bilan yana o‘shanday, ammo ta’lim-tarbiya berish uslubi mozeydagi xususiy maktablardan va hatto, bugungi o‘zimizning umumiy o‘rta ta’lim maktablarimizdan ham farq qiladigan xususiy ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
“ASIA SSHOOL” xususiy maktabi – 5-7 yoshgacha maktabga tayyorlov va maktabning 1-sinfidan 11-sinfigacha matematika, informatika va ingiliz tili fanlarini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan. Ushbu maktabda rus tilida ta’lim oluvchi 1-11, ingliz tilida tahsil oluvchi 1-3 sinflar uchun Buyuk Britaniyaning “Cambrindge Assessment” metodikasi orqali ta’lim beriladi.
– Faoliyatimizni boshlagandan buyon ta’lim sohasida Finlandiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Rossiya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim texnologiyalarini o‘rganib, maktab o‘quv metodikalarida qo‘llaymiz, – deydi “ASIA SSHOOL” xususiy maktabga tayyorlov guruhi va maktabi direktori Asilbek Ubaydullayev. – Bizning asosiy maqsadimiz o‘quvchilar uchun qulay, xavfsiz o‘qish uchun bilimlar manbai bo‘lib xizmat qiluvchi ajoyib muhitni yaratishdan iborat. Bundan tashqari, ta’lim muassasamizda o‘quvchilarni faqat baho olish uchun o‘qitmaymiz, balki ta’lim-tarbiya beramiz.
Endi, shu o‘rinda, o‘zimizni odatiy umumta’lim maktablarimizdagi ba’zi va ko‘proq o‘qituvchi-ustozlarimizni qiynab kelayotgan muammolarga to‘xtalsak.
Oddatdagi umumta’lim maktablarimizning xususiy maktabalardan birinchi farqi sinflarda o‘quvchilar sonining (deyarli asosiy qismida) ko‘pligi, ya’ni bir sinfda 30-35 va hatto 40 nafargacha o‘quvchi ta’lim oladi. 45 daqiqa davomida o‘qituvchi o‘quvchilarning har biri bilan alohida shug‘ullana olmaydi va bu bolaning bilim saviyasini va mashg‘ulotlarga qiziqishini keskin pasaytirib yuboradi. bugungi darsda “navbati” o‘tgan o‘quvchi biladiki, ertangi darsda ustozi undan vazifani so‘ramaydi, shu sababdan ushbu fanga tayyorgarlik ko‘rmay boraveradi.
To‘g‘ri, yuksak iqtidor egasi va katta tajribaga ega bo‘lgan ustozlar 45 daqiqani ichida 40 nafar o‘quvchi bilan ishlashni va yangi mavzu o‘tishni ham uddasidan chiqa oladi va shunday yuqori malakali o‘qituvchilarimiz borligiga o‘zim ham ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Ammo, ming afsuski, umumta’lim maktablarimizdagi barcha o‘qituvchilarimizni ana shu ustozlardek oliy malakaga ega deb bo‘lmaydi.
O‘qitish uslubi 50-60 (balki undan ham ko‘proqdir, hatto mustaqillikka erishganimizdan keyin ham) yillardan buyon eskicha, ya’ni sobiq ittifoq davridagidek va eski (shakli o‘zgargan bilan mazmuni o‘sha-o‘sha) darsliklarda ta’lim beriladi. Natijada umumta’lim maktabi bitiruvchisi, “repititor” tayyorlovisiz, maktabda olgan o‘sha eskicha uslubdagi sabog‘i, bilimi bilan oliygohga kira olmay yillab ovora bo‘ladi.
bugungi umumta’lim maktablarimizda ingliz yoki boshqa biror xorijiy til haftasiga 2 soat o‘tiladi, xolos. Unda o‘quvchi bu tilni chuqur, ya’ni kerakli darajada o‘zlashtirishi amri-mahol. Odatiy umumta’lim maktabini bitirgan o‘quvchidan xorijiy davlatdan kelgan sayyoh, o‘zbekcha so‘rasangiz o‘quvchi ko‘zini yumib topib boradigan joyga qanday borishni ingiliz (yoki boshqa xorijiy) tilda so‘rasa, javob bera olmaydi.
Deyarli asosiy qishloq maktablarimizda (vaholangki, mamlakatimizdagi, jumladan Jizzax viloyatidagi maktablarning asosiy qismi qishloqlarda joylashgan) informatika fani, garchand sharoit yaratilgan bo‘lsada talab darajasida o‘tilmaydi. Qolaversa, ushbu predmetdan o‘quvchi yuqori sinfga o‘tgandan keyingina saboq berib boshlanadi. Asosan qishloq joylaridagi juda ko‘pchilik maktablarning informatika fani o‘qituvchilarining bilim darajasini qoniqarli, ya’ni bugungi kun talabiga javob beradi, deb bo‘lmaydi.
Oliygohni o‘rtamiyona va past baholarga bitirgan talaba, boshqa biror sohaga ishga o‘ta olmasa, oxir oqibat, umumta’lim maktabiga ishga borishga majbur bo‘ladi. Chunki o‘zining past bilimi bilan iqtidorli yoki xususiy maktabga ishga kira olmasligini o‘zi ham yaxshi biladi. Umumta’lim maktablarini bitirgan o‘quvchilarning asosiy qismi ingliz yoki biror xorijiy til u yoqda tursin, hatto rus tilida ham bayon, insho yoki biror ma’lumotnomani yoza olmaydi. Qo‘ligul bo‘lgan usta yigitlarimiz xorijga borib, rus yoki ingliz tilini bilmaganidan, qora ishchi bo‘lib yurganiga bir necha bor guvoh bo‘layapmiz.
– Siz rahbarlik qilayotgan “ASIA SSHOOL” xususiy maktabi bu muammolardan qanchalik xoli? – so‘raymiz xususiy maktab rahbaridan.
– Bizdagi har bir sinfda o‘quvchi soni qat’iyan 22 nafardan oshmasligi belgilab qo‘yilgan va o‘qituvchi har bir o‘quvchiga 45 daqiqa davomida vaqt ajrata oladi, – deydi Asilbek Ubaydullayev. – O‘qitish uslubimiz ilg‘or va ta’lim sohasi dunyoda yetakchi o‘rinda turuvchi Finlandiyadagidek, bolani o‘qish uchun emas hayot uchun tayyorlashdan iborat. Odatiy umumta’lim maktablaridan farqli o‘laroq, bizda ingliz tili har kuni o‘tiladi va o‘quvchida tilni o‘zlashtirish darajasi juda yuqori bo‘ladi. Informatika fani maktabimizda 1-sinfdan boshlab o‘tiladi va bundan tashqari, o‘quvchilarimizga robototexnika darsidan ham saboq berilmoqda. Maktabimizga oliy ma’lumotli, malakali o‘qituvchilar imtihon asosida ishga qabul qilinadi. Ta’lim muassasamizni bitirgan o‘quvchi o‘zbek tilidan tashqari yana ikki tilni mukammal o‘rgangan holda bitiradi. Shu tillarda bemalol yozib, erkin so‘zlasha oladi.
[gallery-8024]
– Siz rahbarlik qilayotgan ta’lim dargohida o‘quvchilaringizga o‘zbek tilini o‘rgatish qoniqarli, deb o‘ylaysizmi?
– Sizga birgina misol keltiray, o‘tgan yili shahrimizdagi Prezident maktabiga kirish istagida bo‘lgan o‘quvchilar uchun bir necha bosqichlardan iborat imtihonlar o‘zbek tilida bo‘lib o‘tdi, – deydi Asilbek Ubaydullayev. – 10 mingdan ortiq bola hujjat topshirgan ushbu maktabga 2 nafar o‘quvchimiz eng yuqori ballarni olib, a’lochilar qatorida o‘qishga qabul qilindi. Yanglishmasam, Prezident maktabiga odatiy umumta’lim maktablaridan 1 nafar ham (ixtisoslashgan maktablar bundan ustasno) o‘quvchi kira olmagan. Shu misolning o‘zi, maktabimizda o‘zbek tilining qanday o‘qitilish darajasini anglatsa kerak, deb o‘ylayman.
Mazkur xususiy maktabda uyga vazifalar kunning ikkinchi yarmida, normativlar asosida mustahkamlanib boriladi. Hech shubhasiz bu jarayon ustozlar nazoratida amalga oshiriladi. Odatiy umumta’lim maktab(larining asosiy qismi)i o‘quvchisi, uyiga borgach, bo‘sh vaqtida, yolg‘iz o‘zi dars tayyorlaydi, mabodo, nazorat qiluvchi kishi bo‘lmasa, “Ustoz baribir ertaga mendan so‘ramaydi” deb sumkasidagi darsliklarni jadvalga qarab almashtirib qo‘ya qoladi.
“ASIA SSHOOL” xususiy maktabi o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida har chorakda imtihon asosida stipendiya va maktabda pul to‘lamay o‘qish imkoniyati mavjud. To‘g‘ri, odatiy maktablarimizning ba’zilarida o‘quvchilar uchun hokim, deputat, senator, (shu maktabni bitirgan) olim stipendiyalari joriy etilgan. Ammo bu stipendiya, barcha odatiy umumta’lim maktablarida bo‘lgani kabi, doimiy ota-ona nazoratidagi, o‘zi ustida ishlovchi, ilm olishga chanqoq o‘quvchilargagina nasib etadi. Ammo o‘quvchi uchun shu stipendiyalar mavjud umumta’lim maktablarining 2-3 foizidagina mavjud.
Odatiy maktablardan farqli o‘laroq, ushbu xususiy maktab o‘quvchisining har birida stipendiya olish yoki bepul o‘qish imkoniyati bor.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ushbu “ASIA SSHOOL” xususiy maktabi o‘quvchisining bilimiga odatiy maktab o‘quvchisidan farqli ravishda baho qo‘yilmaydi. Bu yerda o‘quvchi normativlar asosida o‘qiydi. Mabodo o‘quvchi biror normativni o‘zlashtira olmasa, ustozi u bilan qo‘shimcha ravishda toki shu normativni o‘zlashtirib olmaguniga qadar shug‘ullanaveradi.
Odatiy maktablarimizda tahsil olayotgan o‘quvchilarimizning asosiy qismining choraklik bahosi butun chorak davomida bir marta baholangan bo‘lsa – yaxshi, umuman baholanmagan bo‘lsa qoniqarli baho chiqariladi. Uni o‘tilgan darslarni o‘zlashtirgan-o‘zlashtirmagani bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi ham.
Xususiy maktablarning odatiy maktablardagidan eng katta farqi, xususiy maktabda tahsil olayotgan o‘quvchining ota-onasi yoki buva-buvisi tez-tez muassasaga kelib, farzandini darsda o‘tirishi, qatnashishi, bilim olish darajasi bilan qiziqib, kuzatib turadi. Chunki ota-ona farzandining o‘qishi uchun kattagina miqdorda pul to‘layapti, mablag‘ sarflayapti va peshona teri evaziga topgan mablag‘ini havoga uchib ketshini ham o‘ylashi tabiiy hol. Odatiy maktablarda tahsil olayotgan farzandlarimizning maktabiga esa, majburan, unda ham ota-onalar majlisiga chaqirishganda boramiz (ming afsuski, shunga ham umuman bormayotgan ota-onalar topiladi), xolos.
– Bola vaqtida saboq olishi, sport bilan shug‘ullanishi, ovqatlanishi, badiiy kitoblarni mutoala qilishi, dam olishi, uyga vazifalarni tayyorlashi va bular ixtiyoriy lekin belgilangan grafikka rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozim, – deydi “ASIA SSHOOL” xususiy maktabi rahbari. – Maktabimiz tomonidan (ixtiyoriy) kun davomida 3 mahal sifatli va halol mahsulotlardan tayyorlangan issiq ovqat berib boriladi.
Ushbu xususiy maktabdagi oshxonada juda sifatli, mazali, arzon va halol mahsulotlardan eng sara taomlar tayyorlab tortiq etilayotganini alohida qayd etish lozim. Lekin taomlanish pullik (o‘quvchining ta’lim olayotgani uchun ota-onalar tomonidan to‘lanadigan mablag‘ ovqatlanishi ichiga kirmaydi). Odatiy umumta’lim maktabida farzandlarimizning ovqatlanishi uchun beradigan 15-20 ming so‘m pulimizga u nima tanovul qilayotganini (farzandiga o‘zi bilan yemaklik berib yuborayotgan ota-onalar bundan mustasno, albatta) va aynan shu pullarga yemak olib istemol qilayaptimi yo‘qmi, kamdan-kamimiz nazorat qilmasak, ko‘pchiligimiz bu bilan qiziqib ham ko‘rmaganmiz.
– Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi bilan muassasa va o‘quvchilarimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida shartnoma imzolaganmiz, ularning bexavf tahsil olishi, uyidan maktabga, maktabdan uyiga bexavotir borib kelishlari kafolatlanadi, – deydi “ASIA SSHOOL” xususiy maktabi rahbari Asilbek Ubaydullayev. – Bundan tashqari, o‘quvchilarimiz ertalab, saboqlar davomida ham, qo‘shimcha mashg‘ulotlar paytida ham birgalikda jismoniy mashqlar bajarib, darsdan bo‘sh vaqtida maktabdagi psixologiya, musiqa, raqs, taekvondo(WTF), shaxmat, badiiy gimnastika va boshqa to‘garaklarda haftasiga 5 marotaba, to‘garaklarning 2 tasida bepul qatnashish imkoniyatiga ega.
...Buxoroda 1980-2000 yillar oralig‘ida yo‘lda maktabga yoki maktabdan uyiga piyoda ketayotgan o‘quvchini ko‘rgan jamoat transporti haydovchisi to‘xtab, u yoki ularni mindirib, bepul manziliga yetkazib qo‘yganini (hozir ham shundaymi, yo‘qmi bilmadim) o‘zim guvohi bo‘lganman. Jizzaxda esa jamoat transportiga minayotgan o‘quvchini haydovchi to‘xtatib, “Puling bo‘lsa chiq, bo‘lmasa tushib ket!” deganiga ko‘p bor shohid bo‘lganman. Shu sababdan o‘quvchi transportdan foydalanmoqchi bo‘lsa, qo‘lida pulini ko‘rsatib, transport to‘xtatadi.
Ayni paytda ko‘pchilik o‘quvchilar bir necha kilometrlik maktabga piyoda borib, piyoda qaytayotganiga guvoh bo‘laman. To‘g‘ri piyoda yurish foydali, ammo boshlang‘ich sinf o‘quvchisi darslar jarayonida toliqadi, charchaydi. Ehtimol shu sababdan ham bolalar bilan yo‘l transport hodisalari sodir bo‘lishi ko‘payib ketayotgan va ularning asosiy qismi odatiy umumta’lim maktablarining o‘quvchilari ekanligi achinarli hol emasmi?
Prezidentimiz ta’lim tizimida tub islohotlarni amalga oshirish lozimligi, Yangi O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davri kelganligini ko‘p bor alohida ta’kidlab o‘tdi. Bugun Uchinchi Renessans poydevorini dunyodagi ta’lim tizimi eng rivojlangan davlatlarning va yurtimizdagi xususiy maktablarning ilg‘or texnologiyalarini olib, odatiy umumta’lim maktablarimizga joriy qilishimiz lozimga o‘xshaydi. Ana shunda sohadagi amalga oshirayotgan islohotlarimizning samarasini yanada yaqqolroq va yorqinroq ko‘rgan bo‘lardik.
Tahlilga o‘z kuzatuvlarim asosida keldim va yuqorida aytilganlar mening shaxsiy fikrlarim. Ularga balki, tizimning qaysidir mutaxassisi qo‘shilar, qaysi biridir qo‘shilmas. Shu o‘rinda, meni yuqorida aytganlarim mamlakatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining hammasiga ham taalluqli degan fikrdan ham yiroqman. Ammo asosiy qismida shunday ekaniga iymonim komil. Sizchi, siz bunga nima deysiz aziz o‘quvchi?
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA