Xususiy klinika va mahalla binosi ochildi
Yangi yil bayrami yaqinlashgani sari Jizzax viloyatida yangi-yangi ob’ektlar foydalanishga topshirilishi boshlandi.
Kuni kecha Do‘stlik tumanida bir yo‘la 2 ta inshoot tantanali ochildi.
“Flora med” klinikasining tantanali ochilish marosimida viloyat, tuman hokimliklari, mehnat faxriylari, sektorlar, sog‘liqni saqlash tizimi, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va jamoatchilki vakillari hamda klinika jamoasi ishtirok etdi.
Hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarga yaratib berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanayotgan mahalliy tadbirkor Shahobiddin Qulmatov 30 milliard so‘m hisobiga aholiga qulaylik yaratish maqsadida 60 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur xususiy klinikani bunyod etdi.
[gallery-15108]
– Klinikamiz eng so‘nggi rusumdagi ultra tovush, endoskop, elektro kardiogramma, elektro ensefalogramma, endokardiogramma kabi zamonaviy tibbiy diagnostika uskunalari bilan jihozlandi, – deydi tadbirkor Shahobiddin Qulmatov. – Endi fuqarolarimiz yo‘l bosib, ovora bo‘lib, Jizzax, Guliston yoki Toshkentga borib yurishi shart emas. Shifoxonamiz faoliyatini boshlashi bilan 50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
E’tiborlisi, bu yerda kattalar va bolalar nevrologiyasi, terapiya, kardiologiya, ginekologiya, fizioterapeya kabi bo‘limlar uchun poytaxtimizdan oliy toifali shifokorlar jalb etildi.
Shu kuni tumandagi “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosi ham foydalanishga topshirildi.
“Chinobod” mahalla binosi 1 milliard 300 million so‘m miqdoridagi “Tashabbusli byudjet” loyihasi hamda boshqa homiylik mablag‘lari asosida qurildi.1991 yilda tashkil topgan ushbu mahallaning 1 ming 300 oilasida ayni paytda 6 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston” massivi ham aynan shu mahallada qurilmoqda. Ushbu massivda 1 ming oila uchun 50 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/5sQ0OU2DoGo" title="Xususiy klinika va mahalla binosi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari