Xushnudbekni ikki oy aldashdi, sababi...
Marg‘ilon shahrida yashovchi Xushnudbek Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi xuzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini tamomlab, tadbirkorlik qila boshlaydi.
U aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida yoshlarga ajratilayotgan imtiyozli kredit olib, «avtomoyka» ochmoqchi bo‘ladi. Kredit olish uchun kerakli hujjatlarni bankda rasmiylashtiradi. Yosh tadbirkor kredit chiqishini kutib ham o‘tirmay, shartnoma imzolagan firmasi bilan o‘zaro kelishadi. Kredit mablag‘i firma hisob raqamiga kelib tushguncha, kerakli jihozlarni olib, ishni boshlab yuboradi...
«Moyka»da 8 nafar talaba yoshlar ish bilan ta’minlanadi, afsuski... Bank tomonidan firmaga qisqa muddatda kredit ajratish to‘g‘risida kafolat xati berilsa-da, oradan ikki oy o‘tsa hamki, kreditdan darak bo‘lmaydi. Shartnoma tuzilgan, kafolat xati berilgan, o‘zaro kelishilgan, ammo mablag‘dan darak yo‘q... Natijada avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi (moyka)ni jihoz bilan ta’minlagan firma yetkazib bergan mahsulotlarini olib chiqib ketmoqchiligini aytadi. To‘g‘ri-da, hisob raqamiga ikki oyda ham pul tushmasa, nima qilsin? Bank xodimlari esa «bo‘ldi bajaramiz, hozircha resurs yo‘qligi sabab kredit to‘xtab turibdi, keyingi haftada albatta tushadi»dan nariga o‘tishmaydi.
Shundan so‘ng Xushnudbek Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga shikoyat qiladi. Iste’molchidan kelib tushgan arizaga asosan, mutaxassislar o‘rganish ishlari olib borishdi.
Ishning yakuni shu bo‘ldiki, Markaziy bank bilan aloqa o‘rnatilib, mablag‘ shartnoma tuzilgan firma hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA