Xurosondan Hindistonga umrbod ketgan tarixchi
Josuslik maqsadida yuborilgan Ignatyev, bir asr avvalgi majburiy mehnat, “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonun va tariximizdagi 18-sentyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
Josuslik maqsadida yuborilgan Ignatyev, bir asr avvalgi majburiy mehnat, “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonun va tariximizdagi 18-sentyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
1528-yil (bundan 492-yil oldin) – hirotlik tarixchi Gʻiyosiddin Xondamir Hindistonga, Bobur mirzo huzuriga yetib keldi. Bu vaqtda Bobur Aud shahrida turar edi. “Boburnoma”da yozilishicha, Hirotlik mashhur shoir Shahob Muammoiy va Hirotdagi “Sultoniya” madrasasining mudarrisi amir Ibrohim Mashhadiy ham Xondamir bilan birga bu yerga kelgan edilar. Bobur ularni zoʻr hurmat va ehtirom bilan qarshi oldi va ularga saroy xizmatchilari qatoridan joy tayin qildi.
1858 yil (bundan 162-yil oldin) – Rossiya imperiyasi tomonidan Xiva xonligi va Buxoro amirligi bilan siyosiy hamda savdo munosabatlari oʻrnatish bahonasida, aslida josuslik maqsadida polkovnik Nikolay Ignatyev (1832–1908) boshchiligida yuborilgan elchilar missiyasi Buxoro amirligi hukmron doiralari tomonidan juda iltifot bilan qarshi olindi.
Bu haqda Nikolay Ignatyev shunday yozgan edi: “18-sentyabr kuni Qorakoʻldan oʻtishda elchilikni faxriy ravishda kuzatib borish uchun Abdulaziz tomonidan yuborilgan amaldorlar bizni qarshi oldilar... Ular bizni to Buxorogacha kuzatib keldilar”. Ignatyev missiyaning Buxoroga yetib borishini juda mufassal ravishda bayon qilib, amir Nasrullo Qoʻqon xonligiga qarshi yurishda boʻlganligi uchun, uning vaziri Abdulaziz bilan olib borilgan birinchi muzokaralar haqida ham yozib qoldirgan.

U Buxoroda imtiyozli savdo shartnomasi tuzishga, zindonda yotgan rus fuqaro va asirlarni ozod etishga erishadi. Ignatyev missiyasi toʻplagan maʼlumotlar Turkistonning Rossiya tomonidan istilo etilishida muhim rol oʻynagan.
1916-yil (bundan 104-yil oldin) – Turkistondagi 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan mahalliy aholini Birinchi jahon urushi ketayotgan joylardagi ishlar uchun mardikorlikka olish boshlandi. U 1917-yildagi Fevral inqilobigacha davom etdi. Joʻnatilishi kerak boʻlgan 200 ming 470 kishi oʻrniga amalda 123 ming mardikor safarbar qilindi. Turkistonlik mardikorlar harbiy va sanoat korxonalarida, konlarda, temir yoʻl qurilishida, oʻrmon va ayrim xoʻjaliklarda qattiq nazorat ostida ishlatildi. Ular ochlikdan, xoʻrlikdan, mashaqqatli mehnatdan mislsiz aziyat chekdilar.
1932-yil (bundan 88 yil oldin) – andijonlik shoir va yozuvchi, dramaturg, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, professor Olimjon Xoldorov tavallud topdi. Uning 100 dan ortiq gʻazallariga kuylar bastalangan.
1943-yil (bundan 77 yil oldin) – gʻijduvonlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Vali Nabiyev (1916–1999) Dnepr daryosini birinchilardan boʻlib kechib oʻtdi. Unga ushbu jasorati uchun 1944-yil 15-yanvarda Qahramon unvoni berildi.
1995-yil (bundan 25 yil oldin) – Nukusda Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Orol dengizi havzasidagi davlatlarning barqaror rivojlanishi masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi.
2006-yil (bundan 14 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Unda qayd etilishicha, ushbu qonunning maqsadi firma nomlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2018-yil (bundan 2 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Termiz” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi