Xovos dashtlarida intensiv bog‘ barpo etildi
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida farg‘onalik tadbirkor-bog‘bon tomonidan Sirdaryo viloyati Xovos tumanida intensiv bog‘ barpo etildi.
Mazkur bog‘ tumanning "Mustaqillik" mahallasidagi foydalanishdan chiqarilgan yer maydoni o‘rnida yaratildi. Umumiy maydoni 273 gektarni tashkil etuvchi boqqa Farg‘ona viloyati Quva tumani tajribasi asosida olma, behi, nok, olxo‘ri kabi 135 ming tupdan ziyod ko‘chat o‘tqazildi. Barcha ko‘chatlar sho‘rga chidamli bo‘lgan behi ko‘chatining ildiziga payvand qilingan.

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish, sug‘orish tizimiga oid amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Sahrolardan iborat hududda yashil maydonlar paydo bo‘lmoqda, – deydi viloyat rahbari. – Bu yerning sharoiti og‘ir, chidashni o‘zi bo‘lmaydi. Ayniqsa, hududda eng asosiy muammo suv va sug‘orish tizimi. Shunga qaramasdan juda katta savobli ishga qo‘l urilibdi. Tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Tadbirkor-bog‘bon Halim Orzumatovning aytishicha, bu bog‘ning yaratilishi nafaqat ekologik muammolar, balki mazkur hududda oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini ham hal qilishga yordam beradi. Kelgusida yerlarni subsidiya va bank krediti evaziga aholiga bo‘lib berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hududga olib boruvchi yo‘l yoqasiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, mahalliy aholini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.


Shuhrat Suyarov, O‘zA