Xotira va askiya kechasi
Marg‘ilon shahridagi “Ijodkorlar bog‘i”da o‘zbek milliy askiya san’atining taniqli namoyandalaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, marhum san’atkor Muhammadsiddiq Sherayev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan katta askiya kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda Marg‘ilon shahar hokimligi tashabbusi va hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning bosh maqsadi milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, askiya va qiziqchilik san’atining boy an’analarini keng targ‘ib etish, uni yosh avlodga yetkazishdan iboratdir.
Muhammadsiddiq Sherayevning o‘zbek milliy san’ati, xususan, askiya maktabi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, ko‘p yillik ijodiy faoliyati va milliy kulgi san’atini yuksaltirishdagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.

Kecha davomida taniqli so‘z ustalari va qiziqchilar Mirzabek Xolmedov, Boltaboy Toshmatov, Valijon Shamshiyev, mamlakatning turli hududlaridan kelgan askiyachilar va san’atkorlar dolzarb mavzularda mahorat bilan askiya qildi.


“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida o‘tayotgan mustaqillikning 35 yilligi tantanalari oldidan mazkur askiya kechasi o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA