Xotira turnirlarida harbiylar yod etildi
Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi garnizonlarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligiga bag‘ishlab, “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarda mustaqillik yillari tinch-to‘kin hayotimiz uchun jon fido qilgan Vatan posbonlari yodga olinmoqda.
Yangi yilning ilk haftasida Termiz garnizonida serjant Muhiddin Eshtemirov xotirasiga bag‘ishlangan turli sport o‘yinlari, Kakaydi garnizonida serjant Chori Shamiyev nomi ulug‘langan kurash, Xayrabod garnizonida serjant Mashrab Jo‘rayev xotirasi uchun uloq-ko‘pkari musobaqasi tashkil etilib, xotira turnirlarida yurtimizning qasamyodiga sodiq, mard o‘g‘lonlari esga olindi.



Jarqo‘rg‘on tumanida ulg‘aygan harbiy xizmatchi Chori Shamiyev hayotini Vatan osoyishtaligiga bag‘ishlagan mard, jasur o‘g‘lon. Jarqo‘rg‘on tumanidagi harbiy qismlardan birida xizmat qilgan Chori Shamiyev 1999 yil 21 noyabrda o‘z vazifasini bajarish chog‘ida jon bergan. Ayni paytda uning o‘g‘li, mayor Ravshan Shamiyev mamlakatimizdagi harbiy qismlardan birida uchuvchi bo‘lib xizmat qilmoqda.


Termizlik serjant Muhiddin Eshtemirov va Boysunlik serjant Mashrab Jo‘rayevlar 2021 yil Sariosiyo tumanining tog‘li hududidagi jangovar harakatlarda ishtirok etib, mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan.
Mustaqillik yillari tinch, obod va farovon hayotimiz uchun jonini fido qilgan Vatan himoyachilarining jasorati vafotidan so‘ng munosib taqdirlangan.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 33 yilligi oldidan tashkil etilgan xotira turnirlarida ularning ibratli hayot yo‘llari yod etilib, ko‘rsatgan jasoratlari sharaflandi.

Vatan tinchligi, yurt taraqqiyoti uchun jonidan kechgan harbiy xizmatchilar nomiga tashkil etilgan musobaqalar qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. G‘oliblar qo‘mondonlikning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri