9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filiali hamda Tibbiyot xodimlari kasaba uyushmasi hamkorligida “Ustozlar va hamkasbdoshlar xotirasi barhayot” shiori ostida xotira turniri bo‘lib o‘tdi.
Sportning voleybol turi bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur musobaqa nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, balki soha fidoiylarining ezgu xotirasini yod etish, jamoa a’zolari o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash singari maqsadlarga qaratildi.

Turnirda markazda faoliyat yuritayotgan akusher-ginekolog, hamshira va boshqa tibbiyot xodimlaridan tashkil topgan “Lochin”, “Yulduz”, “Yoshlik” va “Barkamol” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Garchi ishtirokchilar professional sportchilar bo‘lmasada, bellashuvlar yuqori kayfiyat, jonli raqobat va sport ruhi bilan o‘tdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, “Lochin” jamoasi mutlaq g‘olib deb topildi. “Yulduz” jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Qolgan jamoalarga ham faol ishtiroki uchun esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘olib va sovrindorlar Respublika Ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filiali va kasaba uyushmasi tomonidan ham qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri