Xotira bor ekan – millat barhayot
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida el-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan ota-bobolarimiz, nuroniy momolarimizni sharaflash hamda xotirlash maqsadida “Xotira bor ekan – millat barhayot” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimlari, “Veteran” jangchi faxriylari va nogironlari birlashmasi a’zolari, harbiy xizmatchilar, faxriylar, professor-o‘qituvchilar, o‘qituvchi-yoshlar hamda kursantlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Ikkinchi jahon urushida ko‘ngli keng xalqimizning ko‘rsatgan jasorat va fidoyiligi, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida yoshlarga tushunchalar berildi.
Muxtasar qilib aytganda, xalqimizning tarix sahifalariga o‘chmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak ma’naviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.
– Xotira va qadrlash kuni biz yoshlarni tinchlik hamda kelajagimiz uchun o‘z jonini fido qilgan ajdodlarimizni yod etish, ziyorat qilish va tinchlikning qadriga yetishga undaydi, –deydi leytenant Firdavs Karimov.– Tinch, osoyishta yurtda tug‘ilganimdan juda ham faxrlanaman, ota-bobolarimiz Vatan ozodligi uchun jonini fido etishgan. Biz, yoshlar ularni har doim eslab yurishimiz, keksalarni yo‘qlab, ko‘tarinki kayfiyat hamda quvonch -ulashib, duosini olishimiz kerak. Albatta, biz yoshlar ham ona-yurtimiz ravnaqiga munosib hissamizni qo‘shish orqali jonajon Vatanimiz oldidagi chin farzandlik burchimizni ado etamiz.
Tadbir so‘nggida Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar tinglandi. Taklif etilgan mehmonlarga akademiyaning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA