Xotin-qizlarning raqamli savodxonligini oshirish – davr talabi
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan Monomarkazda “GAP” ayollar IT-klubi tomonidan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir jamiyatda xotin-qizlarning roli, bilimini oshirish, bandligini ta’minlash, dunyoqarashini kengaytirish, qiziqish va layoqatiga qarab yo‘nalish tanlashga ko‘maklashish hamda ularga motivatsiya berish maqsadida tashkil etildi.
“GAP” ayollar IT-klubi Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan 2022 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi IT sohasiga mamlakatimiz xotin-qizlarini jalb qilish va ularning sohadagi ulushini ko‘paytirishdan iborat.

Tadbirda ishtirok etgan spikerlar xotin-qizlar uchun AKT sohasida berilayotgan imkoniyatlar, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni hamda ularning raqamli savodxonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida so‘z yuritdi.
160 nafardan ortiq xotin-qiz ishtirok etgan ushbu uchrashuv, turli mavzularda debatlar, savol-javoblar, shuningdek, my.gov platformasidan foydalanish yo‘riqnomasi, bepul ta’lim olish uchun foydali havolalar, IT sohasidagi kasblar haqida tushunchalar berildi.

Ta’kidlash lozimki, “GAP” loyihasi doirasida nafaqat oflayn uchrashuvlar, balki, mentorlik dasturlari, vebinar, seminar, ideaton va boshqa tadbirlar ham o‘tkazib borilmoqda.
N.Rahmonova,
O‘zA