Xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvi va yuqori texnologiyalar sohalaridagi ulushi oshiriladi
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida bajarilishi zarur bo‘lgan asosiy maqsadlar belgilandi.
Unga ko‘ra, «O‘zbekiston - 2030» strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda real sharoitga mos, o‘lchash va baholash imkoni mavjud samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash, Strategiya bilan belgilangan o‘rta muddatga mo‘ljallangan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlarini yangi chaqiriqlar hamda shiddat bilan o‘zgarayotgan umumjahon tendensiyalariga muvofiq holda yangilash vazifasi qo‘yildi.

Strategiya maqsadlariga erishilishini monitoring qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha strategik rejalashtirish hujjatlarining «O‘zbekiston - 2030» bilan uyg‘unligini ta’minlash ham shular jumlasidandir.
Senatda “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”ni qayta ko‘rib chiqish hamda uning maqsadli indikatorlarini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjatlar, jumladan, BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda milliy qonunchilik normalari asosida shakllantirilgan.

Muhokamalar davomida xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, STEM va yuqori texnologiyalar sohalarida ayollar ulushini oshirish, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek raqamli iqtisodiyotda gender muvozanatni ta’minlash mamlakatning barqaror va raqobatbardosh rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
2030-yilga qadar davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashlarida xotin-qizlar ulushini ko‘paytirish, milliy kadrlar zaxirasida ayollar ishtirokini kengaytirish, STEM sohalarida ta’lim olayotgan qizlar ulushini oshirish hamda IT sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar sonini sezilarli darajada ko‘paytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilash taklif etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida Strategiyaning maqsadli indikatorlarini yanada takomillashtirish hamda ularni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA