Xotin-qizlarni qöllab-quvvatlaş işlari samaradorligi tahlil qilindi
Jamiyatda oila institutini mustahkamlaş, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qiliş, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oşiriş davlat siyosatining ustuvor yönalişlaridan biri hisoblanadi. Bu borada ilgari surilayotgan taşabbuslar, eng avvalo, har bir oilaga manzilli yondaşiş, muammolarni öz vaqtida aniqlaş va ularning amaliy yeçimini taʼminlaşni taqozo etmoqda.
Özbekiston Respublikasi Boş vaziri örinbosari – Oila va xotin-qizlar qömitasi raisi Dilnozaxon Kattaxonova Buxoro şahridagi Oila va xotin-qizlar maskani faoliyati bilan tanişar ekan, aynan şu yönalişlarda amalga oşirilayotgan işlar, yaratilgan şaroitlar hamda kelgusidagi vazifalarga alohida eʼtibor qaratdi.
Taşrif davomida maskanda yoş oilalarni mustaqil hayotga tayyorlaş, ularda oilaviy munosabatlar madaniyatini şakllantirişga qaratilgan öquv maşğulotlari atrofliça örganildi. Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini oliş, nizoli va ajraliş yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan manzilli işlaş, muammolarning ildizini aniqlab, ularga taʼsirçan yeçim topiş masalalari muhokama qilindi.
Zero, oilani asrab qoliş faqat nizo yuzaga kelgandan keyin çora köriş bilan çeklanmasligi, balki uning oldini oliş, yoşlarni oilaviy hayotga puxta tayyorlaş va oilada soğlom maʼnaviy muhitni qaror toptirişdan boşlanişi zarur.
Şuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oşiriş, ular iştirokida taşkil etilayotgan tadbir va tanlovlarning mazmun-mohiyati, hamkor taşkilotlar bilan yölga qöyilgan aloqalar samaradorligi ham körib çiqildi. Migratsiyadan qaytgan ayollarni ijtimoiy qöllab-quvvatlaş, ularning bandligini taʼminlaş, kasb-hunarga yönaltiriş hamda jamiyatda öz örnini topişiga kömaklaşiş borasidagi işlarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Mazkur yönalişdagi faoliyatning ahamiyati şundaki, xotin-qizlarga faqat moddiy yordam körsatiş emas, balki ularning kasbiy salohiyatini röyobga çiqariş, daromad manbaiga ega bölişi va mustaqil hayot keçirişi uçun zarur imkoniyatlarni yaratiş muhimdir.
Örganiş jarayonida maskan faoliyatida erişilgan natijalar bilan bir qatorda, yöl qöyilayotgan kamçiliklar va yeçimini kutayotgan masalalar ham körsatib ötildi. Masʼullarga aniqlangan muammolarni bartaraf etiş, iş samaradorligini oşiriş, xotin-qizlar va oilalar bilan işlaşda manzillilik hamda natijadorlikni kuçaytiriş yuzasidan tegişli topşiriq va tavsiyalar berildi.
Şuningdek, kelgusida amalga oşirilişi lozim bölgan ustuvor vazifalar belgilab olinib, maskan faoliyatini yangi bosqiçga olib çiqiş, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalaniş va hamkorlik mexanizmlarini takomillaştiriş böyiça aniq rejalar işlab çiqildi.
Eʼtiborlisi, bugun xotin-qizlarni qöllab-quvvatlaşga qaratilgan işlar samarasi faqat ötkazilgan tadbirlar yoki körsatilgan yordam bilan emas, balki hayotida ijobiy özgariş yuz bergan ayollar, mustahkamlangan oilalar va iş bilan taʼminlangan xotin-qizlar misolida baholanişi lozim. Buxoro şahridagi maskan faoliyatini takomillaştirişga qaratilgan mazkur örganiş ham ana şu maqsadga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri